Tahlilchilar: AQSh va NATO Sovet tajribasida saboq olishi kerak


Sovet qo’shinlari Afg’onistondan chiqqaniga 20 yil to’ldi. 9 yillik kampaniya Sovet Ittifoqi mag’lubiyati bilan tugagan.

Afg’on urushi fahriylari fikricha, Afg’onistonda xizmat qilayotgan AQSh va NATO askarlari sobiq Sovet tarixidan saboq olishi mumkin.

1989 yil 15 fevralida Sovet qo’shinlarining Afg’onistondagi qo’mondoni general Boris Gromov Afg’oniston va O’zbekistonni bog’lovchi Do’stlik ko’prigi orqali mamlakatni tark etgan.

1979 yil dekabrida boshlangan harbiy operatsiya bir necha yilga cho’zilib, 15 ming Sovet harbiysi, maslahatchisi va mutaxassisi hayotiga zomin bo’ldi.

General Gromovning aytishicha, Afg’onistondagi siyosiy muammolarni harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmaydi.

Masalaga kuch bilan yondashib bo’lmaydi. Qo’shinlarni xoh oshiring, xoh kamaytiring, foydasi yo’q. Avvalambor, afg’onlar o’zaro kelishib olishlari zarur, deydi rus generali.

Sovet Ittifoqi oldida Afg’onistonda harbiy g’alabaga erishish emas, balki mamlakatning Sovet davlatiga moyil rahbarlariga qoradori savdosiga qarshi kurashda, mamlakat orqali o’tgan quvurlarni hamda yo’l va shaharlarni terrorchilardan himoya qilishda yordam berish vazifasi turgan, deydi Gromov.

Qo’shma Shtatlar va qator boshqa davlatlar Gromov ko’rsatgan sabablar safsata deb, Sovet Ittifoqi o’z ta’sir doirasini kengaytirish maqsadida Afg’onistonni bosib olgan deydi.

Mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, u paytda qoradori Sovet Ittifoqiga o’tmagan va uning Afg’onistonda himoyaga muhtoj quvurlari bo’lmagan.

Sovetlarga qarshi kurashgan jangarilar mujohiddin deb atalib, qurollarning katta qismini AQShdan olar edi.

Oradan yillar o’tgach esa mujohidlar Tolibon safiga qo’shilib, xuddi shu qurollar bilan AQSh kuchlariga qarshi urush qilmoqda.

Moskvalik mustaqil tahlilchi Pavel Felgenxauerning aytishicha, toliblar, mujohidlardan farqli o’laroq, chet el hukumatlaridan qurol olayotgani yo’q.
Unga Pokiston ichidagi ba’zi guruhlar va al-Qoida yordam bermoqda, deydi Felgenxauer.

Ularga ko’ra jangarilar qoradori sanoatini otaliqqa olib, uning savdosidan tushgan daromad hisobiga qurollanmoqda. Shuning uchun NATO asosiy kuchni afyun sanoatiga qarshi yo’naltirishi kerak.

Dmitriy Popov Sovet qo’shinlari tarkibida Afg’onistonda ikki yil xizmat qilgan. Bugun u Moskvadagi afg’on urushi veteranlari guruhini boshqaradi.

Uning aytishicha, Sovet kuchlari yaxshi qurollangani va harbiy sohada ancha ustun bo’lganiga qaramay oddiy afg’onlarni yuta olmadi, dunyoqarashini o’zgartirolmadi.

Afg’onlar o’z yurti, yashash tarzini himoya qildi. Ko’p xalqlar ularni istilo qilmoqchi bo’ldi, o’z e’tiqodi va madaniyatini ularga singdirmoqchi bo’ldi, ammo afg’onlar “bizga texnologiya va traktorlar kerak emas, yerni mol bilan haydashga o’rganganmiz va bundan qaytmaymiz” deya qattiq turdi, deydi Popov.

Popov ham, Gromov ham NATO g’alabasiga ishonmaydi.

Urush qilgandan ko’ra AQSh, Rossiya va boshqalar Afg’oniston tinchligi yo’lida birga hamkorlik qilishi kerak, deydi ular.

Rossiya AQShga afg’on masalasi bo’yicha yordam berishini aytgan, ammo tahlilchi Pavel Felgenxauerning aytishicha, rasmiy Moskva taklifining o’ziga yarasha narxi bor.

Qo’shma Shtatlar Rossiyaning sobiq Sovet hududidagi manfaatlari bilan hisoblashsagina, Kreml unga yordam beradi, deydi u.

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden o’tgan hafta Myunxendagi xavfsizlik anjumanida Amerika Rossiyaning hech bir ta’sir doirasini tan olmaydi, biroq Tolibon va al-Qoida Rossiyaga ham xavf tug’dirishini hisobga olib, rasmiy Moskva NATO bilan umumiy dushmanga qarshi kurashgani ma’qul degan.

XS
SM
MD
LG