Obama "terrorga qarshi kurash" iborasini muomaladan chiqarmoqchi


Jorj Bush 2001 yilning 11 sentyabridan keyin global urush e’lon qilib, terrorizmni insoniyat dushmani deya atagan edi.

“Kurash” va “urush” so’zlari ko’p hollarda harbiy harakat deb tushuniladi. Ziyolilar nazarida esa terrorni qurol bilan yengib bo’lmaydi. Obama ham shu fikrda.

Obama ishga kirishganidan ko’p o’tmay, Pokiston yana AQShni uning hududida ruxsatsiz hujumlar uyushtirganlikda aybladi.

AQSh harbiylari ko’ra aslida nima bo’lganini mana shu videoda ko’rish mumkin.

Yangi ma’muriyat Al-Qoida a’zolarini qayerda bo’lmasin, xoh Pokistonda, ta’qib qilishga ahd qilgan. Prezident Obama buni tez-tez eslatib o’tmoqda:

“Begunoh odamlarni o’ldirib, terror urug’ini sochib, o’z maqsadiga erishayotganlarga gapimiz shu: Bizni yenga olmaysiz. Biz sizni albatta mag’lub qilamiz”.
Ommaviy axborot vositalari bilan suhbatlarida, prezident Obama musulmon dunyosi bilan bog’lanish maqsadida “terrorga qarshi urush” iborasidan voz kechishini aytgan.

Prezident Bush davrida, deydi olim Brayan Jenkins, terrorizm aniq cheklangan mohiyatga ega bo’lmagan bir tushuncha edi.

“Yangi ma’muriyat Al-Qoidani yanchamiz deb aniq aytmoqda. Ya’ni abstrakt ta’riflardan uzoqlashib, terrorchilik tushunchasiga aniq bir qolip-o’lchov berilyapti”, - deb hisoblaydi Jenkins.

“Bundan tashqari, ko’pchilik “urush” so’zini harbiy kuch va zo’ravonlik deb tushunadi. Tahdid shunchalik keng talqin qilingach, tabiiyki, butun xavfsizlik tizimini ishga solasiz”, - deydi Metyu Levitt, Yaqin Sharq Instituti tahlilchisi.

Tahlilchilar deydiki, bugun turli qit’alarda, Yevropa, Osiyo va Afrikada buzg’unchilikka berilgan yuzlab terrorchilik uyushmalari mavjud. Ularni bir qolipda ko’rish noto’g’ri.


“Terrorchilik bir shaxs, jamoa yoki butun bir davlatni ifodalashi mumkin. Uning g’oyaviy-ideologik tomonlari, kimga qaratilganiga qarab baho bera boshlaymiz”, - deydi tahlilchi Brayan Jenkins.

Al-Qoida yetakchilari internetdagi bayonotlarida Obamani islom dushmani deb atagan. Tashkilot yetakchilaridan biri Ayman al-Zavohiriy Obamani “oq tanli xo’jayinlarining xizmatidagi negr” deb haqoratlab, uning prezidentlikka saylanishini qoralagan.

Boshqa bir bayonotida, Al-Qoida Isroilning G’azodagi hujumiga ishora qilib, AQSh rahbarining vaziyatdan tashvishda ekanini masxara qiladi.

Ekspertlar nazarida Barak Husayn Obama ismli afro-amerikalik rahbar saylangani va uning dunyoning bu qismlarida iliq qabul qilinayotgani Al-Qoidani tashvishga solmoqda.

“Musulmon dunyosida ko’pchilik Obama haqida ijobiy fikrda. Bu Al-Qoida safini kengaytirish uchun xizmat qilmaydi. Al-Qoida shu bois uni dushman deb chiqmoqda”, deydi Deyvid Xeyman.

So’nggi paytlarda e’tibordan qolayotgan Al-Qoida uchun Obama bilan dahanaki jang boshlash ayni muddao bo’lardi.

“Obama ma’muriyati bu tuzoqqa ilinmoqchi emas. Lekin Al-Qoida hamon faol ekanini yaxshi biladi”.

Terrorizm insoniyat tarixining har bir davrida va barcha davlatlarda bo’lgan va bo’lib kelmoqda. Unga qarshi kurash na boshi va na oxiri tayin bir jarayondir.

XS
SM
MD
LG