AQSh Manas bazasini ta'mirlashga kirishmoqda


Qo’shma Shtatlar Qirg’izistonning Manas aerodromini modernizatsiya qilish, infrastrukturasini yangilash bo’yicha 100 million dollarli loyiha boshlamoqda.

AQSh armiyasi berayotgan ma’lumotga ko’ra, reja baza maydonini kengaytirish, uchish-qo’nish yo’laklarini katta hajmdagi harbiy samolyotlarga moslashtirish, yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Ma’lumki, Qirg’iziston hukumati AQSh havo kuchlarini Manasdan chiqarishga qaror qilgan. Bu borada qator rasmiylar, jumladan prezident Kurmanbek Bakiyev bayonot bergan bo’lsa-da, qaror hozircha parlamentda ovozga qo’yilmagan.

Baza taqdiri mart oyigacha hal etilmasligi mumkin. AQSh rasmiylari bazaning ijara haqqini oshirish masalasida qirg’iz hukumati bilan muzokara qilyapmiz deydi. Rasmiy Bishkek, deydi tahlilchilar, bir paytning o’zida Rossiya va’da qilgan moliyaviy yordamdan ham quruq qolmoqchi emas.

AQSh harbiylari Manasdan chiqish borasida Bishkekdan biror rasmiy noma olmaganini aytib, baza maydonini kengaytirish ishlarini boshlash arafasida. Xalqaro koalitsiya kuchlari bazadan Afg’onistondagi amaliyotlar uchun foydalanib keladi.

Tahlilchi Jeyson Layl so’zlariga ko’ra, “Manasdan har oy 15 minggacha harbiy va o’rtacha 500 tonna yuk o’tadi. Baza ayniqsa Afg’onistonda qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirishda muhim rol o’ynaydi”.

So’nggi oylarda afg’on-Pokiston chegarasidagi notinchlik va Tolibon tomondan hujumlar ko’paygani Manas aerodromining ahamiyatini yanada oshirgan. Bu hududlarda NATO yuk mashinalari jangarilar tomonidan tez-tez nishonga olinadi.

Professor Robert Legvold fikricha Qirg’izistonning AQShni bazadan chiqarish qarori ortida Rossiya turgani ayon. Prezident Kurmanbek Bakiyev Kremldan 2 milliard dollarga teng yordam va’dasini olgach, qarorni Moskvada e’lon qilgan edi. Rossiyaning maqsadi, deydi Legvold, Qo’shma Shtatlarni Markaziy Osiyodan siqib chiqarish.

Rossiya va Qirg’iziston hukumatlariga ko’ra moliyaviy yordam va Manas qarori o’rtasida hech qanday bog’liqlik yo’q.

XS
SM
MD
LG