Breaking News

Markaziy Osiyoda hamjihatlik – tanqis ne'mat


Adovatdan hamkorlikka o'tish vaqti yetgan

Mintaqada kechgan son`ggi geosiyosiy jarayonlar Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida ziddiyat kuchayganidan dalolat bermoqda.

Tahchilillar fikriga ko`ra, mintaqa davlatlari iqtisodiyotni o`nglash, taraqqiyotga erishish uchun ichki hamkorlika e`tibor qaratishi kerak.

Adovatdan hamkorlikka o`tish vaqti yetgan, deydi mutaxassislar. Dunyoda globallashuv jarayoni kuchaygan bir pallada Markaziy Osiyo ichki ziddiyatlarga o`ralashib qolmoqda.

O'zbekiston va Tojikiston nima uchun xafalashib qolgan?

Xususan, O’zbekiston va Tojikiston o’rtasida ziddiyat saqlanib qolmoqda. Ikki davlat prezidentlarining uchrashuvlari ham bu munosabatlarda o`zgarish qilmadi.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning energetik loyihalar bo`yicha Toshkentda qilgan bayonoti ziddiyatni yanada keskinlashtirdi.

O’zbekiston va Tojikiston o’rtasida sovuqchilik ancha avval boshlangan va siyosiy sabablarga taqaladi.

“O’zbekistonda bo’lgan portlashlarda terrorchilar Tojikiston hududidan foydlangan deb hisoblanadi. Shu va boshqalar bois Tojikiston bilan aloqalar juda yomon. Chegarada minalar o`rnatilgan, bu minalar tozalanyotgani yo`q. Qozog`iston yoki Qirg’izistondan farqli Tojikiston bilan viza tartibi o`rnatilgan. Trnsport magistrallari yopiq, Tojikistondagi alyumin zavodi kengayishi ham O`zbekistonda keskin kutib olinmoqda. Tojikiston matbuotida ham bu mavzular, iqtisodiy va transport blokadasi ochiq yozilayapti”, - sharhlovchi Komron Aliyev.

Orada suv talash

Bugun ziddiyatlar ko’proq suv muammosi bilan bog’lanmoqda. O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining shu haftadagi yig`ilishida bu masalaga to`xtadi. Mintaqada suv taqchilligi davom etsa, O`zbekiston-Qirg’iziston aloqalari ham keskinlashishi mumkin.

“Qirg’izistonda elektr energiyasi eksportini kuchaytirish imkoniyati katta. Sirdaryo o`sha yerdan boshlanadi, uning katta irmog’i -- Norin o’sha yerda. Medvedev Dushanbega borganida Tojikistondagi GES qurilishini moliyalashini aytgan edi. Toshkentda esa “mintaqa davlatlari o’zlari bir qarorga kelishlari kerak”, - dedi. Bu juda chigal narsa. Albatta, Rossiya iqtisodiy ekspansiyasini oshirmoqchi. O`zbekiston gazini ham qo`lga oldi. Qozog`istonga, ehtimol, unchalik ta`sirini o`tkazolmay turibdi. Lekin Qozog`iston ham baribir qaram”, - deydi tarixchi Fayzulla Is’hoqov.

Karimov va Berdimuhammedov bir-birini tushunadi

Bu orada O`zbekiston-Turkmaniston aloqalari bir maromga kelgan ko’rinadi. Bu davlat Tojikiston yoki Qirg’iziston kabi energetik ta`minotda O`zbekistonga tobe emas.
Turkmaniston bilan viza tartibi saqlanib qolayotganiga qaramasdan aloqalarda jonlanish kuzatilmoqda. Gaz eksporti masalasida hamkorlik loyihasi mavjud.

“Ayni paytda qo’shimcha gaz quvurlarini o`tkazish loyihasi muhokama qilinmoqda”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Qozog'iston qo'shnilari bilan yaxshi, O'zbekistondan farqli ravishda...

O'zbekiston va Qozog’iston aloqalarida oshkora ziddiyat kuzatilmasada, munosabtalar iliq deyishga asos yo'q.

Qozog'istonning mintaqa davlatlari bilan aloqalari, O'zbekistondan farli ravishda, mo`tadil. Nursulton Nazarboyevning mintaqaviy hamkorlik tashabbusi faqat O`zbekiston tomonidan rad etib kelinadi.

“Markaziy Osiyo ittifoqi albatta muhokama qilinish mumkin, lekin har bir davlat bu masalaga o`z ehtiyojdan kelib chiqib yondashadi. O`zbekiston munosabati haqida gapiradigan bo`lsak, qo`llamaymiz. Chunki mintaqa davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi turli bosqichda. Iqtisodiy-siyosiy boshqaruvda ham farqlar bor”, - degan edi O`zbekiston prezidenti Qozog`istonga tashrifi chog`ida.

Bor-yo'gi 5 ta bo'laturib, nega birlashmaydi?

O'zbekistonlik ziyolilardan biri deydiki, kichik davlatlardan iborat mintaqa birlashmas ekan, kelajak mavhum.

“XXI asr kelib ham mintaqa davlatlari bir konfederatsiya yoki ittifoq tuzmas ekan, ahvol bundan ham battar bo`lib ketaveradi. Ehtimol, davlat rahbarlari ichlarida buni o`ylashayotgandir”, - deydi u.

Mintaqadagi ziddiyatlar faqat suv muammosi bilan bog’liq emas, to’qnashuvlar uchun avvaldan zamin yaratilgan.

“Tashqi siyosat hamisha hududiy manfaatlardan kelib chiqadi. Bu nihoyatda qiyin masala. Mintaqa davlatlari 90-yillarda chegarani buzmaslik haqidagi deklaratsiyani imzolab, tinchlikni saqlab qoluvchi qaror qabul qilishdi. O`shda yuz bergan millatlararo fojealar mintaqa uchun katta saboq bo`ldi. Sovet davrida davlatlararo chegaralar, millatlararo siyosat jinoyatkorona o`tkazilgan edi. Bugun mintaqani bunday siyosat bilan ushlashning imkoniyati qolmadi. Markaziy Osiyo faqat konfederativ asoslarga ko`ra hamkorlikda ziddiyatlarni hal etib borishi kerak”, - deydi professor Goga Hidoyatov.

Mintaqa o`z manfaatlarini himoya qilib, katta davlatlar o`rtasidagi ziddiyatlardan foydalanadi. “Manas” aerodromi bilan bog`liq vaziyatda Qirg`iziston Rossiya va AQSh o`rtasidagi kurashdan foylanishga intilmoqda.

AQSh ham, Rossiya ham Qirg`izistonga yordam va`da qilayapti. Qirg`iz hukumatining qarori qanday bo`lmasin, uning mintaqadagi siyosiy jarayonga ta`sir etishi aniq.

Markaziy Osiyoda manfaatlari to`qnash kelayotgan kuchli davlatlarda mintaqa taraqqiyoti haqida strategik loyihalar mavjud.

Katta Markaziy Osiyo yoki Markaziy Osiyoda yaxlit hamkorlik?

Amerikalik siyosatshunoslar Katta Markaziy Osiyo loyihasini taqdim etayotgan bo`lsa, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda yaxlit hamkorlik strategiyasini qabul qilgan.

Xitoy mintaqadagi siyosatini Shanxah Hamkorlik Tashkiloti orqali yuritmoqda.
Rossiya imperiya davridagi ta`sir doirasini tiklash, mintaqa energetika zaxiralarini o`zlashtirishda monopollikni saqlab qolmoqchi.

Sharhlovchilar fikricha, so`nggi voqealar geosiyosiy halqani tobora qisqartirmoqda.
Rossiya Kollektiv xavfsizlik shartnomasi doirasida Tezkor qo`shinlar tuzdi. Tuzilmaga mintaqaning barcha davlatlari a`zo. Zamonaviy qurollangan Tezkor qo`shinlar biror xavf paydo bo`lganda a`zo davlatlarga kiritilishi mumkin.

“Agar Armaniston va Ozarbayjon o`rtasida harbiy mojara boshlansa, mintaqa davlatlarining qo`shinlarining Ozarboyjonga qarshi turishi milliy hamda siyosiy manfaatalarga to’g’ri kelmaydi” , - deydi Fayzulla Is’hoqov.

Tahlilchilar mintaqa kelajagini turli kuchlar, madaniyatlar va bloklarga ajralgan holda ham ko`radi. Mintaqa ichki ziddiyatlarining kuchayishi esa bu jarayonni faqat tezlashtirishi mumkin.

“Ayni paytda mintaqagi vaziyatni kuchli davlatlar qurshovidagi uchburchakka o`xshatish mumkin. Biror davlat qudratining oshishi burchakning buzilishga olib keladi. Bunday vaziyat yuzaga kelishida O`zbekiston tashqi siyosati sarosimada ekani ham xizmat qildi. Davlat rahbarlari siyosat yuritishning zamonaviy usullarini tanlay olmadi, eski sobiq ittifoq siyosatiga sodiq qolishdi”, - degan fikrda siyosatshunos Farxod Tolipov.

Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov so’zlariga ko`ra, AQSh bazasining mintaqadan chiqarilishi faqat Afg`onistondagi vaziyatga emas, balki geosiyosiy muvozanatga ham ta`sir etadi.

“Agar Rossiya Qirg`izistondan AQSh harbiy bazasini chiqarishga muvaffaq bo`lsa, Markaziy Osiyoda avvalgi ta`sirini tiklashiga hech narsa to`sqinlik qilmaydi”, - deydi Is’hoqov.

Mintaqa oldida turgan asosiy xavf ekstremizm, narkotrafik, ekologik inqiroz ekanligi ta`kidlanadi.

So`nggi paytda moliyaviy inqiroz ham mintaqaga ta’sir qiluvchi omil sifatida tahlil qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG