Yevropa sobiq Sovet davlatlari bilan aloqani mustahkamlaydi


Moskva-Kiyev o’rtasidagi gaz janjali, sharhlovchilar nazarida, Rossiya o’z siyosiy maqsadlariga erishish uchun har narsaga tayyor ekanini isbotladi. Joriy yilning yanvarida Rossiya Ukrainaga ta’minotni uzib qo’yishi natijasida xaridor - Yevropa davlatlari ziyon ko’rgan.

Vaholanki, Bryussel endigina Kreml bilan hamkorlik bo’yicha yangi muzokara boshlagan edi. Energetik xavfsizlik bugungi kunda dolzarb masala ekan, Bryussel ham Kreml, ham sobiq Sovet davlatlari bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqmoqda.

Yevropa Ittifoqi ham Rossiyani, ham Ukrainani ta’minotchi sifatida o’z zimmasiga olgan majburiyatlarni buzganlikda ayblaydi. Bu ikki davlat o’rtasidagi ixtilof natijasida qishning sovug’ida Yevropaning 15 mamlakatida uylarni isitish xizmati to’xtab qolgan, fabrika va maktablar berkitilgan, va hatto 11 odam sovuqdan muzlab hayotdan ko’z yumgan edi.

2006 yilda bo’lgani kabi, Rossiyaning energetik resurslardan qurol sifatida foydalanishda davom etayotgani Yevropa Ittifoqini chuqur tashvishga solmoqda. Yevropa gazining chorak qismini Rossiyadan oladi. Gazning deyarli 80 foizi Ukrainadagi quvurlar orqali o’tadi.

“Kelishuvlarga amal qilinmas ekan”, - deydi Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barroso, “ittifoq har ikki mamlakatni sudga berishga majbur bo’ladi. Moskva va Kiyev Yevropa bilan shartnomalar imzolagan. Ularning so’zsiz bajarilishini ta’minlasin”.

Kreml va Bryussel o’rtasida tarifflardan tortib inson huquqlarigacha, qator masalalarda kelishmovchiliklar mavjud. Ammo bir-biridan yuz o’gira olmaydi. Yaqin Sharq tinchlik jarayoni, Eron yadro dasturi atrofidagi bahslar va boshqa xalqaro muammolar yechimi Rossiya va Yevropa ishtirokini taqozo etadi.

Yevropa Ittifoqi sharqdagi qo’shnilar – Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Moldova va Ukraina bilan ham qo’shnichilik aloqalari o’rnatish harakatida. Rasmiylarga ko’ra, maqsad ayrimlar da’vo qilayotganidek “ta’sir doirasini” kengaytirish emas, mintaqada odil boshqaruv, barqarorlik va demokratik islohotlarni targ’ib qilish.

“Sovuq Urush davri o’tdi-ketdi. Ta’sir doirasi degan tushuncha o’tmish sarqiti”, - deydi Barroso. "Har bir davlat o’zi tanlagan yo’ldan borish huquqiga ega".

Bu qarashni rad etayotganlar ikki hafta ichida Rossiya va G’arb munosabatlarini ostin-ustun qilgan Gruziyadagi urushga ishora qiladi. Ikki tomon manfaatlari to’qnashgan bu hudud Kaspiy dengizidan Yevropaga neft yetkazuvchi Baku-Tbilisi-Jayhun quvuri o’tgan strategik nuqta. Ixtilof ildizini, deya xulosa qiladi tahlilchilar, Sovuq Urushning yangicha ko’rinishi – energiya ta’minot tizimini nazorat qilish harakatlaridan izlash kerak.

Ayni paytda Ozarbayjon va Markaziy Osiyo energiya manbalarini G’arbga yetkazuvchi Nabukko loyihasi muhokamada. Reja amalga oshsa, Rossiya hozirgidek energetika masalasini o’rtaga qo’yib Yevropa davlatlariga ta’sir ko’rsata olmasligi mumkin.

O’tgan yili Rossiyaning Gruziyaga hujumi ketidan, prezident Dmitriy Medvedev dunyoning ayrim qismlarida nufuz va ta’sir kuchiga egamiz, manfaatlarimizni qayerda bo’lmasin himoya qilamiz deb baralla aytgan edi. Kavkazdagi mojaro ana shu istakning yorqin ifodasi bo’ldi.

“Gruziya baribir bir kun kelib Yevropa Ittifoqiga qo’shiladi”, - deydi yaqingacha bosh vazir bo’lib ishlagan Grigol Mgaloblishvili.

"Hozircha mamlakat bunga tayyor emas, Yevropa ham. Ammo maqsad aniq. Rossiya Gruziyani o’z kelajagini o’zi belgilovchi suveren davlat deb qabul qilishi kerak”.

Yevropa Ittifoqi sobiq sotsialistik lagerga a’zo qo’shnilari bilan aloqani mustahkamlash maqsadida yaqinda 350 million yevroga teng yordam dasturi e’lon qildi. Tahlilchilar tashabbusni ittifoqqa a’zolik singari nozik masalani chetlab o’tgan holda, mintaqani Rossiya ta’sir doirasidan chiqarishga urinish deb baholaydi.

Mulohazalarga ko’ra, Gruziya va Ukraina kabi G’arbga xos iqtisodiy taraqqiyot yo’lini tanlagan mamlakatlar ko’p sohada ittifoq yordamiga ishonch bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG