Kaliforniyada sakkiz chaqaloq mashmashasi


Amerikada shu yil boshida birvarakayiga sakkiz bolani dunyoga keltirgan 33 yoshli yolg’iz ona Nadya Suleman cheksiz bahs-munozaralarga sabab bo’lmoqda.

Amerika ahli xayron – bugun oilalar bolani 2 tadan oshirmaydi. Bu ayol esa endi 14 go’dakni katta qilishi kerak. Bu hammaning ham qo’lidan kelavermaydi.

Nadya Sulemanning yana 6 bolasi bor – hammasi ham sog’lom emas. To’ng’ichi 8 yoshda.

Ayol hamon ota-onasi bilan yashaydi.

Nadya Suleman sun’iy urug’lanish yo’li bilan homilador bo’lgan. Onasi nabiralarining otasi yo’qligidan tashvishda.

Mutaxassislar bir bachadonda 8 empbrion bo’lishiga ruxsat bergan shifokorlarni tanqid qilmoqda. Doktor Mark Evans ko’p bola tug’ilishi mumkin bo’lgan hollarda ba’zilarini ehtiyotlik bilan olib tashlash usulini ishlab chiqqan.

“Odatda 2 yoki 3 embrionga ruxsat beriladi. Juda kam hollarda 4 ta bo’lishi mumkin. O’ylab ish ko’radigan shifokor hech zamonda 8 embrionni joylaydimi”?- deydi doktor Mark Evans.

Masala kasalxona-yu ta’lim maskanlarida qizg’in muhokamada.

“Bu shifokorlar kasbiy-ahloqiy normalarni buzgan. Qaysidir ma’noda tibbiy xato deb ham talqin qilinishi mumkin”,- deydi doktor Artur Kaplan.

Nochor oilalarda qo’sha-qo’sha bola ko’rish ijtimoiy jinoyat deyayotganlar bor. Hukumat hisobicha 14 bolani oddiy maktabda o’qitish uchun kamida 3 million dollar kerak bo’ladi.

Amerikada bolani operatsiya yo’li bilan tug’dirish va erta tug’ilgan chaqaloqqa qarash uchun kasalxonalar million dollar haq oladi.

Nadya Suleman hamshiralikka o’qigan, lekin ishga qaytishi ehtimoldan yiroq.

Professor Marian Nobl farzand ko’ra olmagani uchun 2 go’dakni asrab olgan.

“Nadya bolalarning ehtiyojini qondira olishiga odamning ko’zi yetmaydi. Ular vaqt, e’tibor, parvarish talab qiladi. Balki bu bolalarni boshqa oilalarga bergan ma’quldir. To’kis, ammo farzandga muhtoj juftliklar bor-ku. Bu ham bir yo’l”,- deydi u.

Biroq Nadya Suleman bolasini birovga bermoqchi emas. U tug’uruqxonadan chiqib, yordamchi yollagan.

“Yolg’iz farzandman. Ko’p bolali bo’lish orzum edi. Ularni o’zim boqaman”,- deydi ona.

XS
SM
MD
LG