Inqiroz paytida yoshlar uchun ish topish yanada qiyinlashgan


AQSh Mehnat vazirligi hisob-kitobiga ko'ra, ishsizlik darajasi 7,5 foizdan oshgan. Oxirgi 16 yil ichida bu eng yuqori ko'rsatkich.

O'qishni bitirib, ish qidirishga tushgan yoshlar, bitiruvchilarga qiyin. Ba'zilar tanish-bilishga orqa qilsa, boshqalar uchragan imkoniyatni mahkam ushlash kerak, deydi.

Yozuv-chizuv va imtihonlardan o'tib olgan bitiruvchilar oldida bugun baland bir dovon bor. Iqtisodiy ahvol qaltis vaziyatda ish topish kerak.

Lora Genri Jorj Vashington Universiteti talabasi. Sal o'tmay o'qishni bitiradi. Boshqa ko'p kursdoshlari qatori magistraguraga hujjat topshirmoqchi.

"O'qishni davom ettirganim ma'qul", - deydi u. "Har holda bexavotirroq".

Jorj Vashington Universiteti (George Washington University) xodimasi Marva Gambs Jennings studentlarni ish bilan ta'minlash bo'yicha shug'ullanadi. Ko'p talabalar universitetda qolmoqda, deydi u.

"Odatda bakalavrlikni bitirgan studentlarning 4 dan biri magistraturani tanlaydi. Iqtisodiy ahvol o'g'ir bo'lgani uchun bu yil xohlovchilar ko'proq",- deydi u.

Biroq ishga o'rnashaman deganlar aslo bo'shashmasligi kerak, deydi Jennings.

Kompaniyalar katta va o'rta lavozimdagi ishchilarni bo'shatayotgan bo'lishi mumkin. Ammo amaliyotchi, yordamchi kabi boshlang'ich lavozimlarga ko'p odam yollanmoqda.

"Raqobat baland. Lekin bu talaba ish topmaydi, muvaffaqiyat qozonmaydi degani emas",- deydi Gloria Frett, Jorjtaun Universiteti (Georgetown University) o'qituvchisi.

Sem Niburg va Jill Sibert biznes bo'yicha magistrlikka o'qimoqda. Ikkisi ham shu yilning mayida bitiradi. "Juda qiyin vaqtga to'g'ri kelayapti", - deydi ular.

"Hammaning xayolida shu gap. Hatto ish topgan kursdoshlar ham vahimada, chunki ish beruvchi fikrini o'zgartirishi mumkin. Matbuotda kunda bir xil xabar – u kompaniya bankrot bo'libdi, bunisi odamlarni ishdan bo'shatibdi. Kafolat yo'q",- deydi Niburg.

Ikki oshna - Sibert va Niburg ish topishda omadi chopgan. Endi tengdoshlariga maslahat-yordam berib turibdi.

"Orzuga intilish kerak, albatta. Lekin ehtiyot shart boshqa yo'llarini chamalab qo'ying. Moslashuvchan bo'lish kerak", - deydi ular.

Ish va imkoniyatlar yo'q emas. Qidirishni va o'rnashib olishni bilish kerak, xolos.

XS
SM
MD
LG