AQSh oliygohlarida o'qish oson emas, ammo eshiklar ochiq


2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so’ng Amerikaga o’qishga kelish qiyinlashgan, viza olish tartibi murakkablashgan edi. Ammo bugun xorijlik studentlar oqimi yana ortib, yiliga 624 ming abiturient qabul qilinmoqda. Bu yoshlar AQSh iqtisodiyotiga milliardlab dollar daromad olib keladi.

Kaliforniya Universitetida darslar, kundalik hayotni xorijlik talabalarsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Universitetni aylanar ekansiz, ro’paradan Xitoy, Hindiston, Turkiya va boshqa yurtlardan kelgan yoshlar chiqib keladi,. Har xil sheva va aksentlar quloqqa chalinadi.

Piter Jonson universitetning biznes fakultetida ishlaydi, qabul hay’atiga mas’ul. Magistraturada biznes sirlarini o’rganayotgan studentlarning 39 foizi chet eldan kelgan, deydi u.

“Ular talabalar safini boyitadi. Qo’shma Shtatlarni kashf qiladi. Mahalliy yoshlar esa boshqa davlat tarixi, odatlari, hayotini o’rganadi”,- deydi Jonson.

Abishek Shukla Hindiston poytaxti Dehlidan. Kaliforniya Universitetida biznes boshqaruvini o’rganmoqda.

Amerikada o'qish va ishlashning o'z ustunligi bor, deya tushuntiradi u.

"Mening yurtimda biror narsa yoqmasa, “menga ma’qul emas” deb burilib ketishadi. Ammo Amerikada “Gapingni tushundim... Mening fikrimni ham eshitchi, bunga qanday qaraysan”,- deyishadi".

Ba’zi studentlar esa uy vazifasi ko’pligidan noliydi. Nafas olishga fursat yo’q xitoylik Jerri Ksia.

“Vatanimda, Shanxaydagi universitetda buncha misol-masala yo’q edi, buncha muammoni yechishim kerak emas edi. Bu yerda esa berilib o’qimasangiz, yaxshi baho ololmaysiz”.

Singapurlik Evelyn Ng ham shunday deydi:

“Tizim tirishqoqlikka o’rgatadi. O’qish, o’qish va yana o’qish”.

Universitetdagi xorijlik studentlarning ko’pi osiyolik. Madaniyat, urf-odat va xilma-xillik bilan birga bu yoshlar mo’maygina pul ham olib keladi.

Bu ta’lim maskanida chet elliklar uchun yillik o’qish bahosi qariyb 46 ming dollar. Mahalliy studentlar 20 ming dollar atrofida to’laydi.

Xalqaro bo’lim rahbari Ivor Emmanuel chet el yoshlariga AQShdagi hayotga moslashishda yordam beradi.

“Byudjet juda nozik masala bo’lib qolgan. Boshqa yurtdan kelgan talabalar hisobiga universitet xazinasi ancha boyiydi. Bu esa darslar davom etadi degani”.

XS
SM
MD
LG