Avraam Linkoln - Amerika prezidentlari uchun ilhom manbai


Shu kunlarda AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln tavalludining 200 yilligi nishonlanmoqda.

Linkoln Amerika Qo’shma Shtatlarini parchalanib ketishdan saqlab qolgan va qulchilikka barham bergan rahbar sifatida tarixga kirgan.

Barak Husayn Obama prezidentlik qasamyodini berar ekan, qo'lini Avraam Linkoln o’qigan Injilga qo’yib keltirdi. 150 yil oldin Linkoln shu kitobni ushlagan holda o’z prezidentligini boshlagan edi.

Obama prezidentlik kampaniyasini ham Linkolnning ona shahri Springfilddan boshladi.

Springfild - Illinoys shtati poytaxti. Linkoln shu yerdan turib, parokanda xalqni birdamlikka chaqirgan.

Obama prezidentlikka saylangan kuni ham Linkolnning so’zlarini yodga olgan edi.

"Hokimiyat xalqniki, xalq uchun xizmat qiladi va xalq tomonidan saylanadi".

Tarixchi Garri Rubenshteyn fikricha Obama Linkolndan ilhom oladi va u kabi buyuk ishlar qilishni xohlaydi.

"Sababi Avraam Linkoln va Amerika orzusini bir-biridan ajratish qiyin", - deydi professor.

Linkoln XIX asr boshida kichik bir kulbada dunyoga kelgan. Maktabga bormagan va o’qishni o’zi o’rgangan. Qonunni qiroat qilgan bu shaxs yengilmas advokat sifatida taniladi.

Xalq tiliga tushgach va uning ishonchini oqlagach, prezidentlikka harakat qiladi va saylanadi.

O'sha davrda esa Amerika janubi va shimoli orasida qonli urush kechayotgan edi. Janub quldorlik tarafdori bo'lsa, shimol aholisi bunga qarshi edi.

Linkoln davlatni bo’linib ketishdan asrab qolgan hamda quldorlik va qullikka yakun yasagan. Urush nihoyasida esa otib o’ldirilgan.

Linkoln, shubhasiz, AQShning eng buyuk prezidentlaridan biri. Uning yetakchiligi, muammoga yechim topa olishi, kuchli g’oyalari va xalqni o’ziga ishontira olishi, kimki rahbar bo’lmasin, unga o’rnak.

Vashington shahridagi Amerika tarixi muzeyida Avraam Linkoln hayotiga mansub eksponatlarni ko’rasiz. Linkoln oddiy, kamtarin inson bo’lgan, deydi tarixchi Deyvid Vord.

"Linkoln xuddi Napoleon Bonapart singari izchil o’rganilgan va tahlil qilingan tarixiy shaxslardan biri. Tom-tom kitoblar, biografik ma’lumotlar va ilmiy materiallar haqida gapirmasak ham bo’ladi. Har biri prezidentning yangi bir qirrasini ochib bergan", - deydi Deyvid Vord.

Linkoln o’sha davr axborot vositalari bilan yaqindan aloqa qurgan ilk prezident desak mubolag’a bo’lmaydi. Har doim bayonot qilganida suratga olingan. O’zini xalq vakili deb bilgan. O’zini hech kimdan ustun qo’ymagan.

Linkolnning oxirgi tasviri 1865 yil fevralida olingan. Darz ketgan negativda, siz xatto Linkoln boshiga uzilgan o’q izini ham ko’rishingiz mumkin. Hodisadan ikki oy o’tib Linkoln vafot etgan.

"Urush o’z yakuniga yetgan davr edi. U kimdir suiqasd qiladi deb o’ylamagan ham. Linkoln ittifoqni saqlab qolganini bilar edi. Bu unga umid bergan. Qullarni ham ozod qilishga ulgurgandi. Linkoln bir kun kelib qora tanli prezident bo’lishini bilganida edi, juda faxrlangan bo’lardi", - deydi tarixchi Vord.

Linkoln va Obama orasida partiyaviy-mafkuraviy farqlar bor. Ammo liderlik xususiyatlari juda o’xshash, deydi tarixchilar.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG