Breaking News

AQSh tarixidagi eng yirik iqtisodiy loyiha kuchga kirdi


Prezident Barak Obama AQSh iqtisodiyotini qayta oyoqqa qo’yishga qaratilgan loyihani imzolagach, u qonunga aylandi.

Obamaning iqtisodiy guruhi ishlab chiqqan dastur kelasi bir necha yil ichida 4 million ish joylari yaratish yoki saqlab qolish, energetika sohasida yangi loyihalar boshlashga qaratilgan.

Hujjat ham qiymati, ham ko’lami jihatdan AQSh tarixidagi eng yirik iqtisodiy loyiha desak mubolag’a bo’lmaydi.

“Qariyb 800 milliard dollarga teng sarmoya va xarajatdan iborat dastur Buyuk Depressiya davridan beri eng o’gir vaziyatga munosib javob”, - deydi Obama.

Mablag’ mamlakat infrastrukturasini yangilash, jumladan yo’l va ko’priklarni ta’mirlash, safi tobora kengayib borayotgan ishsizlarni tibbiy sug’urta bilan ta’minlash, ishchilar malakasini oshirish hamda tanglik tufayli pul sarflashga qo’rqayotgan amerikaliklar uchun soliqlarni kamaytirishga sarflanadi.

Ammo mutaxassislar reja qanchalik ish berishi yuzasidan turlicha fikrda. Ayrimlar inqirozni yengish uchun jiddiy qadam tashlandi desa, boshqalar nazarida loyiha qiymati yetarli emas.

Obama ahvol yaxshilanishidan oldin yanada og’irlashishini ta’kidlar ekan, Kongress ma’qullagan loyiha inqirozdan chiqish bo’yicha strategiyaning bir qismi xolos, demoqda. Oq uy yaqin kunlarda bank-moliya tizimini isloh qilish va kredit bozorini jonlashtirish bo’yicha rejani ham xalq hukmiga havola etadi.

Yirik yordam paketi imzolangach, AQSh moliya markazi hisoblanmish Vol-Stritda aksiyalar bahosi yanada pasaygan. Tahlilchilar buni dastur samara berishiga ishonch pastligi bilan izohlamoqda.

XS
SM
MD
LG