Qo'shimcha askarlar bilan Afg'onistonni xavfsizroq qilish mumkinmi?


AQSh kuchlarining Afg'onistondagi qo'mondoni general Deyvid Makkirnan mamlakatda AQSh qo'shinlari sonini 17 mingga oshirish qarorini ma'qullab, bu hol xavfsizlikni yaxshilashga katta hissa qo'shishini aytgan.

"Qo'shimcha kuchlar bilan janubdagi vaziyatni o'z foydamizga hal qilamiz degan umiddaman," deydi general Makkirnan.

Unga ko'ra, ular yordamida afg'on politsiyasi va armiyasi tayyorgarlikdan o'tkaziladi.

"Afg'oniston xavfsizligi mahalliy politsiya va armiya qo'lida," deydi AQSh generali.

Deyvid Makkirnanning aytishicha, Qo'shma Shtatlar kelasi 3-5 yil ichida Afg'onistonda ko'p ter to'kishi zarur, ammo xalqaro hamjamiyat ham barqarolikni ta'minlashga hissa qo'shishi kerak.

"Jangarilar g'olib bo'la olmaydi, chunki aholining katta qismi ularga qarshi," deydi u.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsga ko'ra, NATOga a'zo davlatlardan Afg'onistonda avgust oyiga ko'chirilgan prezident va mahalliy kengash saylovlaridan oldin xavfsizlikni ta'minlash uchun qo'shimcha askar yuborish so'raladi.

"Ittifoqchilarimiz nafaqat harbiy, balki boshqa yo'nalishlarda ham yordam ko'rsatishi lozim. Bu ular uchun askar yuborishdan osonroq ish bo'ladi deb o'ylayman," deydi vazir Geyts.

Ma'lumki, Yevropa davlatlari jamoatchilik qarshiligi tufayli o'z harbiylarini jangovar zonalarga yuborishni istamaydi. Biroq, deydi Geyts, Afg'oniston adliya tizimini yaxshilash, korrupsiya va qoradori savdosiga qarshi kurash hamda tiklanish ishlarida ular sezilarli darajada xizmat ko'rsatishi mumkin.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, qo'shimcha kuchlar Afg'onistonga may oyidan boshlab safarbar etiladi. Yozga borib AQSh kuchlari jami 55 mingni tashkil qiladi. Afg'onistonda 32 ming NATO harbiysi ham bor. Tolibon ta'siri va zo'ravonliklar kuchayar ekan, Obama qo'shinlarni Iroqdan chiqarib, Afg'onistonga jo'natishini hali saylov kampaniyasi davrida aytgan.

AQShdagi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, so'ralganlarning 34 foizigina qo'shinlarni ko'paytirish tarafdori bo'lib chiqdi. Qolganlar aksincha harbiylarni Afg'onistondan chiqarish kerak yoki hozirgi holat qoldirilishi kerak degan. Afg'onistonda o'tkazilgan so'rovda esa 18 foiz kishi AQSh va NATO askarlari soni ko'paytirilsin, 44 foizi esa kamaytirilsin deb ovoz bergan.

Bunga sabab, deyiladi BMT hisobotida, tinch aholi o'rtasida qurbonlarning ko'payishi. Oddiy fuqarolar asosan jangarilar qo'lidan o'lsada, mamlakatda xalqaro koalitsiyaga ishonch kamaymoqda, deya xabar qiladi "Vashington Post".

Xavfsizlik masalalari bilan shug'ullanuvchi Vashingtondagi RAND tahlil korporatsiyasi ham Afg'oniston mavzusida hisobot tayyorlagan.

Uning mualliflaridan biri Kristin Feyrning aytishicha, Pokiston Tolibonga qarshi kurashni kuchaytirmas ekan, Afg'onistonda vaziyat yaxshilanmaydi.

"Obama ma'muriyati Pokiston hamkorligisiz Afg'onistonni barqarorlashtira olmaydi," deydi u.

Markaziy Razvedka Boshqarmasining sobiq xodimi Maykl Shuer fikricha, Pokistondagi qaltis siyosiy vaziyat bois AQSh bilan bu borada hamkorlikni yo'lga qo'yib bo'lmayapti.

Yevropa Ittifoqining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Franchesk Vendrellning aytishicha, AQSh va uning hamkorlari Afg'oniston prezidenti Hamid Karzayga ko'p ishonib yuborgan. Mamlakatda boshqaruv tizimi zaif, qoradori savdosi gullab, korrupsiya ham avj oldirgan.

"Karzay hukumatini himoya qilib, mazkur muammolarga ko'z yumib keldik. Uni qo'llab-quvvatlasak, hamma muammolar o'z-o'zidan hal bo'ladi, deya xato fikr yuritdik," deydi Vendrell.

Obama ma'muriyati Yevropa davlatlari bilan maslahatlashib moliyaviy va harbiy yordamga umid qilishi mumkin, ammo harbiy jihatdan ko'p narsalarni kutmaslik kerak, deydi u.

"Nyu-York Tayms" gazetasi AQShning Afg'onistondagi urushini Sovet kampaniyasiga taqqoslar ekan, AQSh Sovet Ittifoqining xatosini takrorlamasligi kerak deydi. Ya'ni mamlakatda markaziy hukumat hokimiyatini kuchaytirishga zo'r bermaslik lozim.

Sovetlar nafaqat harbiy kampaniya olib borgan, balki ayni damda AQSh amalga oshirmoqchi bo'lgan ishlarni ham qilgan - Afg'onistonni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tomondan isloh qilishga, ta'lim sohasini rivojlantirishga uringan. Ammo markazdan turib boshqarish uslubi Afg'oniston siyosati va turmush tarziga yot ekanini esdan chiqarib xatoga yo'l qo'ygan, deb yozadi "Nyu-York Tayms".

Gazetadagi maqolaga ko'ra tarixan Afg'onistonni Kobuldagi hukumat emas, qabilaviy yetakchilar boshqargan. Ular bilan aloqa qilish kerak, barqarorlikka ularning yordamida erishish mumkin, deb yozadi "Nyu-York Tayms".

XS
SM
MD
LG