O'zbekiston sarmoyaga muhtoj, ammo zarur sharoit yaratilmagan


O'zbekistonda chetdan sarmoya jalb qilish bo`yicha davlat dasturi mavjud, biroq xorijlik investorlar, jumladan AQSh tadbirkorlari va kompaniyalari mamlakatda bizneslar ochishga u qadar qiziqmaydi.

Tizimga ishonch pastligi, banklar va boshqaruvning oshkora ish tutmasligi bunga asosiy sabab sifatida ko’rsatiladi.

O’zbekiston Davlat mulk qo’mitasining internet sahifasida investitsiyalar dinamikasi haqida e’lon qilingan ma’lumotga ko’ra, O’zbekistonda AQSh sarmoyalari sekin bo’lsa-da, o’smoqda.

O’zbekistonda AQSh sarmoyasi ulushi 2007 yil yakunlariga ko’ra, 16 foizdan oshgan. 2004 yilda bu ko’rsatkich 14 foiz bo’lgan.

Qiyos uchun, 2007 yilda O’zbekistonga kiritilgan investitsiyalarning 49 foizi Yevropa Ittifoqi davlatlari, 18 fozi esa Rossiyaga to’g’ri kelgan.

Davlat mulk qo’mitasi 2008 yilda sarmoyalar dinamikasidagi o’zgarish haqida hali ma’lumot e’lon qilmagan. O’zbekiston prezidentining yaqinda qilgan nutqiga ko’ra, 2008 yilda 1,7 milliard dollar miqdorida xorij sarmoyasi o’zlashtirilgan.

2008 yilda AQShning GM kompaniyasi va O`zbekiston hukumati o`rtasida avtomobil ishlab chiqarish bo’yicha shartnoma imzolandi. Shu yili Mamlakatda GM va O’zAvtoSanoat ishtirokida qo’shma korxona ishga tushdi. Joriy yil GM yonilg’ini tejab ishlatuvchi avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish qarorini e’lon qildi.

2011 yildan ishga tushishi kutilayotgan “GM Powertrain Europe” qo’shma korxonasi GM va O`zbekiston hamkorligining mantiqiy davomi sifatida ko’rilmoqda.

GM O’zbekistonda avtomobil sanoatini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlovchi mutaxassislar tayorlash uchun o’quv maskani ochishni rejalamoqda.

2008 yildan Toshkentdagi “Kvars” zavodini aksiyalarining 52 foizi ham Amerika investorlariga o’tgan.

“Carlton Group LLC” kompaniyasi 2,5 million dollarlik investitsiya olib kelgan. “Kvars” zavodi yangi texnologiyalar bilan ta’minlangan, qo’shimcha ish o’rinlari yaratilgan.

O’zbekiston iqtisodiyoti investitsiyaga muhtoj. Davlat tasarrufidagi kompaniyalarni xususiylashtirish dasturi mavjud. Biroq investorlarning O’zbekistonga oshiqayotgani kuzatilmaydi.

“Iqtisodiy aloqalar strategik darajaga ko’tarilgani yo’q. Savdo aylanmasi haqida gapiradigan bo`lsak, yiliga 200-300 million dollar atrofida. Bu boradagi imkoniyatlar hali ishga solinmagan”, - deydi sharhlovchi Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Ekspertlar fikriga ko’ra, sarmoya muhiti yomonligi, banklar faoliyati erkin emaslgi xorij kapitalining O’zbekistonga kirishiga to’sqinlik qilib turgan asosiy omillar.

“O`zbekistonda banklar davlat qo`lida bosim vositasiga aylanib qolgan”, - deydi ekspert Rashid Taymurov.

Sal avval AQShning O’zbekistondagi elchisi Richard Norland AQSh sarmoyasining O`zbekiston iqtisodidagi ishtirokiga izoh berar ekan, amerikalik tadbirkorlar uchun erkin biznes muhiti muhumligini ta`kidlagan edi.

“AQShlik investorlar haqida gapirsak, ular foyda keltiradigan regionlarni izlaydi. Ular uchun qulay muhit kerak. AQShning ayrim kompaniyalari bu yerdagi sarmoya muhitidan xursand emasligi ayon. Ular konvertatsiya bilan bog’liq vaziyatni tilga olishadi” , - deydi Norland.

XS
SM
MD
LG