Tahlilchilar AQShga Afg'oniston bo'yicha maslahat beryapti


AQShning Janubiy Osiyo bo'yicha mutaxassislari Obama ma'muriyatiga Afg'onistondagi urush va Karzay hukumatiga munosabatini o'zgartirishni tavsiya qilmoqda. Kelasi hafta Vashingtonda Afg'oniston va Pokiston hukumat delegatsiyalari bo'lib, mintaqaviy strategiya bo'yicha qarashlarini bildiradi.

Vashington yaqinidagi RAND tahlil markazining Afg'oniston bo'yicha mutaxassisi Set Jounsning aytishicha, Qo'shma Shtatlar afg'on armiyasi va politsiyasini kuchaytirishga zo'r berishi kerak.

"Mahalliy kuchlar AQSh uchun jang qilmayotganini anglab yetishi kerak. Jangarilarga qarshi kurasha olishi va lozim bo'lsa bu borada Pokistonga yordam berishi uchun salohiyatini oshirish kerak," deydi Jouns.

Ba'zi tahlilchilar nazarida NATO kuchlari vazifasi mahalliy qo'shinlarga maslahat va bilim berish bilan cheklanishi lozim.

Yangi Amerika xavfsizligi markazi xodimi Jon Naglning aytishicha, davomiy barqarolik ta'minlash uchun bir joyda avval jangarilarni mag'lub qilish kerak, so'ng afg'on kuchlari nazoratni o'rnatishi, mahalliy va xalqaro tashkilotlar esa turli dasturlar orqali o'sha joyda yashash sharoitlarini yaxshilashi lozim.

Yana bir mutaxassis Xeyder Mullik viloyatlarga cheklangan vakolatlar berish zarur deydi.

"Viloyatlarga cheklangan tarzda o'z qonunlarini joriy etish huquqini berish kerak. Qonunlar mahalliy sharoitlardan kelib chiqib yaratilsa, odamlarning ularga rioya qilishi osonroq bo'ladi," deydi u.

Afg'oniston masalasi Polshaning Krakov shahrida NATO mudofaa vazirlari yig'ilishida ham muhokama etilmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts a'zo davlatlardan Afg'onistonda avgust oyiga belgilangan prezident va mahalliy kengashlarga saylovlardan oldin xavfsizlikni ta'minlashga hissa qo'shishni va qo'shimcha askar yuborishni so'ragan.

AQShning Pokiston va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk Pokiston prezidenti Ali Zardari bilan muloqotda Svot vodiysida sha'riy qonunlarning tatbiq etilishi bo'yicha erishilgan bitim yuzasidan AQSh xavotirini bildirgan. Qo'shma Shtatlar va NATOga ko'ra, bunday kelishuv oqibatida hudud ekstremistlar makoniga aylanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG