Amerika-O'zbekiston aloqalarida inson huquqlari hamon nozik masala


Huquq himoyachilari nazarida Markaziy Osiyo yaqindagina ishga kirishgan prezident Barak Obamaning tashqi siyosati uchun sinov maydoni.

AQSh Afg'onistonda olib borayotgan urushning talab va ehtiyojlari mintaqadagi avtokratik hukumatlar, jumladan O'zbekiston bilan yaqinroq hamkorlikni taqozo etadi.

Xavotir shundaki, deydi faollar, xavfsizlik va siyosiy manfaatlar inson huquqlari masalasini yana chetda surishi mumkin. AQSh havo kuchlari mintaqadagi yagona bazasidan, ya'ni Qirg'izistondagi Manas aerodromidan chiqarilayotgani shu kunlarda G'arb matbuotida keng yoritilmoqda.

Baza Afg'onistonga yuk yetkazish uchun o'ta muhim tranzit nuqtasi edi. Vashington, tabiiyki, alternativ yo'llarni izlab, Qirg'izistonga qo'shni davlatlarga murojaat qilgan.

Amerika harbiylariga ko'ra O'zbekiston, Tojikiston va Qozog'iston bu masalada AQSh bilan hamkorlikka tayyor.

Obama ma'muriyati xususan O'zbekiston bilan aloqani tiklar ekan, inson huquqlari himoyasi borasida yetakchilikni qayta qo'lga olish va'dasini unutmasin, deydi Human Rights Watch tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha direktor o'rinbosari Reychel Denber.

"Obama qanday katta umidlar bilan saylangan bo'lsa, uning ishlariga shunchalik yuqori o'lchovda baho beriladi. Ham ichki, ham tashqi siyosatda inson huquqlariga e'tibor bundan mustasno emas. Xalqaro hamjamiyat unga ishonch bilan qaramoqda", - deydi Reychel Denber.

Xalqaro tashkilotlar O'zbekiston va Turkmaniston hukumatlarini so'z erkinligi, diniy, siyosiy erkinliklar bo'yicha dunyodagi eng repressiv tuzumlar deb baholaydi.

Har ikkisida matbuot hokimiyatning targ'ibot quroli, korrupsiya hayotning ajralmas qismi, rahbarlar oddiy xalq fikriga o'ta befarq.

Human Rights Watch Turkmanistonga 1999 yildan beri kiritilmaydi. Uning O'zbekistonda qayta ish boshlashi to'g'risidagi ariza rad etilgan.

"Bugungi kunda", - deydi Human Rights Watch vakili Mariya Lisitsina, "O'zbekiston va Turkmaniston kabi mamlakatlarga chetdan bosim o'tkazilmasa biror o'zgarish bo'lishini kutish qiyin. Chunki yuqorida o'tirganlar oddiy xalq oldida zarracha ham javobgarlik sezmaydi". Tashqi bosim, deydi Lisitsina, bu mas'uliyatni rahbarlarga eslatib turadigan vositadir.

Lekin tarix shundan saboq beradiki, Yevropa Ittifoqi va AQShning dunyodagi har bir davlat bilan munosabatlarida ko'pincha xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlar ustun keladi. Deylik, AQSh har yili Misr, Saudiya Arabistoni, Pokiston va Xitoydagi huquq ahvolini tanqid qilsa-da, aloqalar ancha iliq.

Turkmanistonlik huquq faoli, hozirda Avstriyada boshpana olgan Farid Tuxbatullin deydiki, uning gazga boy vataniga nisbatan siyosatni ham energetik manfaatlar belgilashi achinarli hol.

"Yevropa Ittifoqi Turkmaniston gaziga qiziqish bildirib keladi. Xususan gaz ta'minoti bilan bog'liq so'nggi mojarolar tufayli Yevropa Rossiyani chetlab o'tgan alternativ yo'llarni qidirishga tushgan. Vashington ham Eron va Afg'onistonga chegaradosh hamda bugun tashqi dunyoga ochilgan Turkmanistonni yaqinroq hamkorlikka chorlayapti. Siyosiy-iqtisodiy hamkorlik to'g'risida gap ketganda erkinlik va demokratiya g'oyalari kun tartibidan tushib qolsa ajabmas", - deydi Farid Tuxbatullin.

Dunyo bo'ylab erkinlik darajasini o'rganadigan Freedom House, ya'ni Ozodlik Uyi tashkilotining yillik hisobotida Turkmaniston va O'zbekistonga eng past baho berilgan. Andijon voqealari ketidan O'zbekistonga qo'yilgan xalqaro sanksiyalar bir necha huquq faolini ozod etishdan boshqa natija bergani yo'q. Rasmiy Toshkent bu tashkilotlarni ko'r-ko'rona tanqidda ayblaydi.

Freedom House tashkilotida Markaziy Osiyo dasturlari bo'yicha tahlilchi Baxtiyor Nishonov fikricha fuqarolar o'z huquqini anglab yetishi oldinga siljishning muhim shartlaridan biri.

"Inson huquqlari bu demokratik madaniyatning kichik bir qismi. Buni odamlarga qanday o'rgatishimiz mumkin? O'zbekiston konstitutsiyasini oling. Aholining necha foizi uni qo'liga olib o'qigan? Shundan boshlash kerak",- deydi Nishonov.

"Chunki bosim har doim qandaydir negativ kontekstda qo'llaniladi. Har bir kishi jamiyat sifatida emas balki bu meni o'zimni huquqim, men bu borada nima qilishim mumkin degan savolni bersa, o'sha [o'zgarish tomon] bosim bo'ladi",- deydi mutaxassis.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan mutaxassislar fikricha G'arb Markaziy Osiyoga islohotlar haqida gapirish bilan birga huquq himoyasida turgan faollarni ham qo'llab-quvvatlashi lozim. Mamlakat taraqqiyoti fuqaro jamiyati ravnaq topishi bilan chambarchas bog'liq.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG