Breaking News

Senator Makkeyn Afg'onistonda yangi strategiya kerak deydi


Barak Obamaning so'nggi saylovlardagi raqibi, respublikachi senator Jon Makkeyn AQShning Afg'oniston bo'yicha strategiyasiga o'zgartirishlar kiritishga chaqirmoqda. Aks holda, deydi u, urush boy berilishi mumkin.

Vashingtondagi tahlil institutida ma'ruza qilar ekan, senator Makkeynning aytishicha, agar g'alaba erishilmayotgan bo'lsa, bu mag'lubiyatdan dalolatdir.

Makkeyn prezident Obamaning Afg'onistonga qo'shimcha 17 ming askar jo'natish qarorini olqishlab, yangi strategiya kerak deydi.

"G'alabaga yolg'iz qo'shimcha kuchlar bilan erishib bo'lmaydi," deydi u.

Makkeyn afg'on armiyasi malakasini oshirish muhim demoqda.

"Armiya hajmini ikki baravarga oshirib, 160 mingga yetkazish, keyinchalik esa 200 minggacha oshirish zarur," deydi senator.

U shuningdek mamlakatga noharbiy yordamni ko'paytirib, afg'on hukumatiga korrupsiya va qoradori savdosiga qarshi kurashda ko'maklashishni taklif qilmoqda.

Pokistonda esa, deydi Makkeyn, taraqqiyot, sog'liqni saqlash va ta'lim sohalarida yordam berib, yangi hukumatni kuchaytirish lozim.

"Yevropadagi ittifoqchilar bilan jiddiy muloqot qilib, ulardan yordamini ko'paytirishni talab qilish zarur," deydi u.

Bugun AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Vashingtonda Afg'oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, AQShning mintaqa bo'yicha yangi strategiyasini muhokama qiladi.

XS
SM
MD
LG