AQSh Rossiya bilan aloqalarni yangilashga tayyor


AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden 7 fevral kuni Myunxendagi xalqaro xavfsizlik anjumanida nutq so'zlab, Obama ma'muriyatining Rossiyaga nisbatan siyosati qanday bo'lishini ma'lum qildi. AQSh Rossiyani yangidan aloqa qurishga chaqirmoqda, ammo Rossiya bunga tayyormi, hali aniq emas.

Aksariyat tahlilchilzar nazarida Jorj Bushning 8 yillik prezidentlik davrida ikki tomonlama aloqalar yomonlashgan. Bayden o'z nutqida ularni yangilashga chaqirgan.

"Prezident Obama aytganidek, munosabatlarni noldan boshlash va o'rtadagi muammolarni birma-bir qayta ko'rib chiqish vaqti keldi," deydi vitse-prezident.

Garvard universiteti mutaxassisi Marshall Goldmanning aytishicha, munosabatlarni noldan boshlash oldingi majburiyatlarni bajarish shart emas deganidir.

"Ba'zi majburiyatlar qarama-qarshi bo'lgan. Yangi ma'muriyat eski rahbariyat tug'dirgan muammolar uchun javob berishi shart bo'lmagani sabab ularni hal qilishning uddasidan chiqishi mumkin."

Ana shunday muammolardan biri AQShning Sharqiy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasi. Rossiya unga qarshi. Jo Bayden Myunxenda bu masalani ko'targan.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Erondan kelayotgan xavfga to'siq bo'la oladigan mudofaa tizimlarini rivojlantirishda davom etadi.

"Ammo bu ish NATO davlatlari va Rossiya bilan maslahatlashgan holda qilinadi," deydi AQSh vitse-prezidenti.

Kolumbiya universiteti professori Robert Legvoldning aytishicha, yangi ma'muriyat bu masalada Bush siyosatidan o'zgacha fikrga ega.

"Obama ma'muriyatining asosiy pozitsiyasi shundan iboratki, mudofaa tizimi texnologik jihatdan to'g'ri kelmasa va hamkor davlatlar roziligi olinmasa, amalga oshirilmaydi. Jumladan, Rossiya roziligisiz," deydi Legvold.

Bayden o'z nutqida ikki davlat Afg'oniston, yadro qurollarini qisqartirish va tarqatmaslik bobida ham hamkorlik qilishi kerakligini ta'kidlagan.

"Rossiya va AQSh doim ham hamfikr bo'lmaydi, biroq manfaatlar mushtarak yo'nalishlarda birga ishlash zarur," deydi u.

Bayden nutqining diqqatga sazovor yana bir tomoni shundaki, deydi Robert Legvold, unda Rossiya qulog'iga yoqmaydigan mavzular, xususan Gruziya va Ukrainaning NATOga qo'shilish rejasi ko'tarilmagan.

"Mavzu butunlay yopilgan deyolmaymanu, ammo menimcha unga hali-beri qaytilmaydi," deydi mutaxassis.

AQSh vitse-prezidentining Myunxendagi chiqishi Rossiya rasmiylari tomonidan ijobiy kutib olindi.

"Biroq," deydi bosh vazir o'rinbosari Sergey Ivanov, "iliqlashish harakatlari tarixda ko'p bo'lgan. Boshida yaxshi niyat bilan boshlangan ishlar salbiy natijaga olib kelgan. Bu safar boshqacha bo'ladi deb umid qilaman," deydi Ivanov.

Tahlilchilarga ko'ra, Obama ma'muriyatining Rossiyaga nisbatan siyosatni boshidan ma'lum qilgani to'g'ri bo'lgan. Chunki bundan keyin Rossiya bilan ish qilish oson bo'ladi.

XS
SM
MD
LG