Obama moliyaviy tizimni isloh qilishga chaqirmoqda


Prezident Obamaning aytishicha, mamlakatning moliyaviy tizimini boshqarish usullarini o'zgartirish zarur. Hukumat nazoratni kuchaytirmoqchi, ammo banklarni davlat tasarrufiga kiritish rejasi yo'q, deydi rasmiylar.

"Hozirgi inqirozdan shu narsani anglayapmizki, XXI asr bozorini XX asr qoidalari bilan tartibga solish mumkin emas," - deydi Obama.

Prezident yetakchi iqtisodiyotchilar hamda Vakillar palatasi va Senat moliya qo'mitalari a'zolari bilan uchrashgan. Uning aytishicha, moliya bozorining kuchli bo'lishi uchun xaridor va sarmoyadorlarni himoya qiluvchi aniq qoidalar kerak.

Kongress Obama tavsiyasidan kelib chiqib shu to'g'ridagi qonun loyihasini ishlab chiqishga kirishadi.

"AQShda o'zgarishlarni amalga oshirish bilan birga, boshqa davlatlarni ham shunga da'vat etish kerak," deydi Obama.

Ba'zilar hukumatning moliyaviy sektorni isloh qilish rejasi inqirozga uchragan banklarni davlat tasarrufiga o'tkazishga qaratilgan deya xavotirlanmoqda.

Markaziy Bank raisi Ben Bernanke nazarida buning uchun hukumat bankni tortib olib, aksiyadorlarni haydab, uni o'zi boshqarishi kerak, biroq hozirgi vaziyatda bunday bo'layotgani yo'q.

Kecha Vakillar palatasi davlat dasturlarini sentyabr oyigacha moliyalashga qaratilgan 410 milliard dollarlik xarajatlar dasturini ma'qullagan. Hujjat endi Senatda ovozga qo'yiladi.

XS
SM
MD
LG