Yulduz Usmonova Amerikada konsert berdi


O’zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 17-21 fevral kunlari Amerika Qo’shma Shtatlarida bo’lib, "Sog'inch" nomli konsert-dasturini muxlislariga taqdim etdi.

Xonanda fikricha uning chet-elda yashayotgan yurtdoshlari orasida vatanparvarlik hissi kuchli.

“Menga ko’p aytishadi, ana sizni Yevropada zo’r qabul qilishadi deb. Mana, Amerikada ham chiroyli qabul qilishyapti, zallar to’la. Hamma joyda ish taklif qiladi, mana Turkiyada ham bir oyog’im, bordi-keldi qilib turibman. Biroq, o’zimizni xalqdan, tomirimdan uzulgim kelmaydi. Nimaga? Chunki mana shu xalq borligi uchun – men shunaqa borman, mana shu xalqning dardi borligi uchun, men shu dardini topib kuylay olyapman. Yo’q bo’lganda nimani aytardim? Men aytmayman hamma narsa manga yoqadi deb. Yutuqlari bo’lsa, xalqimizning kamchilik tomonlarini ham yaxshi bilaman, lekin men shularni bolasimanmi, shu bilan kurashib yashayman”, - deydi xonanda.

Nyu-York shahridagi madaniyat markazida konsert berishga shaylanar ekan, Yulduz Usmonova, “qayerga bormay, kim bilan uchrashmay hamisha sahna to’ridan joy berishadi” deydi.

“Bu yerga konsert dasturi bilan kelgandan keyin yaxshi xabar bilan, yaxshi kayfiyat bilan kelish kerak. Chunki odamlarning o’z dardi va yuki yetarli darajada. Birovning dardini eshitgani kelmaydi konsertga, odamlar. Biz mana shu qo’shiqlarimiz bilan odamlar qalbidagi his-tuyg’u, alam, dard, sevgi, muhabbat bo’lsin shuni kuyga solib, sog’inchini yuzaga chiqara olsak, vazifamiz, ishimiz shu. Lekin, bir narsani unutmaslik kerak-ki, xalq yuzi bo’lib o’z vatanidan kelayotgan san’atkor, kim bo’lmasin “falonchi pismadonchiyevmi, pismadonchiyevami” kelib yaxshi-yomon, bachkana narsalarni gapirib odamlar ko’nglini buzadi. Qolaversa bu yerga kelib, jannat - hamma narsa magazinda bor, oson deb o’ylaydi. Lekin shu yerda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan gaplashsangiz, osonmikin bir burda non topish. Oson emas-ku. Hamma joyda o’z tosh-tarozusi bor”, - deydi Yulduz Usmonova.

Toshkentda o’tadigan konsert dasturlariga xonanda odatda olti oy oldin tayyorgarlikni boshlab yuboradi. Sababi nimada deb so’raganimizda, “Avvalambor o’zimni hurmat qilishimda”,- degan javob oldik.

Ijodkor yangilikka intilmasa, o’zini qiynamasa, muxlisning mehri so’nib boradi. “Yulduzlik kasaliga uchragan xonandachalarga bu yaxshi dars bo’lsin”,- deydi u.

“Menga shuni ko’p aytishadi, siz - Yulduzsiz, eski qo’shiqlarga bir-ikki yangisini qo’shib aylantirib bemalol yursangiz bo’ladi-ku deb. Shuni men xohlamayman. Nimaga? Allohning bergan ne’mati bor – talant. Ana shu ne’mat mohiyati shunda-ki, xalq bir joyda turgani yo’q-ku, uning dardi ham bir joyda turmaydi. Kundan kunga bir yutug’i, bir kam-ko’sti bor. Ularni qo’shiq qilib ijro etish kerak. Men ashulachimasman, men xalq kuychisiman… Quruq ashulachi bo’lib, fonogrammani qo’yib kuni o’tadiganlar bor. Jonli qo’shiq aytyapman, deb kerilmayman, aytsam o’zimga maza. Jonli qo’shiq aytishda, qandaydir “drayv”, ilohiy kuch bor. Har kim o’zini hurmat qilsa jonli aytadi. Qolaversa, tayyorgarlikni xalq uchun emas, o’zi uchun qiladi. Birovdan farqli tomonini ko’rsatmoqchimi, harakat qilsin, bu gap hammaga taaluqli, jumladan menga ham. Mehnat qilyapman deb ko’kragimga ura olmayman. Sabab, mehnat qilmagan kunim o’sha Yulduz Usmonovaning, bir yulduzi bo’lib, keyin xov o’sha - oddiy Usmonova bo’lib qolaman”, - deydi o'zbek estradasi primadonnasi.

“Muxlis ko’paytiraman deb qo’shiq aytmaganman, shunday ekan muxlislarim kim bo’lishini ham men emas, ijodim belgilaydi. Yoqsa 7dan 70gacha, yohud dehqondan davlat arbobigacha eshitsin”,- deydi Yulduz Usmonova.

“Siyosatchi ham odam emasmi, u ham o’tirib ovqat yeydi. U ham siz foydalangan eshiklardan foydalanadi. Siyosatchilar uchun biz xalq bo’lgandek, men uchun ham siyosatchilar bir muxlis. Agar san’atimni sevsa, ardoqlasa. Biroq mendan qo’llanishni xohlasa, unda tepa sochlar tikka bo’lib, orada gap ozgina qochishi mumkin. Muxlisim bo’lsa, marhamat hamisha mehnatga tayyorman. Chunki men - xalq xizmatkoriman”.

Yulduz Usmonova nazarida chet-elda tahsil olayotgan yosh avlod musofirchilik nonini yegani uchun, sabr-iymoni but, yangi g’oyalarga to’la va qiyinchiliklarni yengishga qodir.

Mana shuning o’zi xalqning yutug’idir, deydi u.

“Musofirchilikda yurib, qiyinchilikni bilyapti. Hayot tosh-tarozusini bizdan ko’ra yaxsh bilishadi, bu yoshlar. Sabab, ko’pchilikning oilasi, yaqinlari O’zbekistonda, ularga ham oson emas. O’zini tayyorman deb bilganda va vatanga qaytib borganda, haqiqattan ham yaqinlariga foydasi tegadigan, xalqiga xizmat qiladigan bo’lib borsin. O’ylamasanki bu yerdagi qiyinchilik, u yerda yo’q deb. Hamma joyda hali ta’kidlaganimdek, tosh-tarozu bor. O’zbekiston kutyapti bu yoshlarni. Bu yoshlar bizga kerak. Ularning aksariyati o’qimishli, aqlli, o’ta-zehnlidir. Mana shular ertaga kurashadi haqiqat uchun. O’sha aytilgan buyuk kelajakni mana shular quradi. Katta kelajakni bitta prezidentning o’zi qila olmaydi-ku. Nima qilsin ahir? Shuning uchun, ta’lim olayotganlar o’qishini bitirib, ishlayotganlar ishini tugatib, aqlni joyiga qo’yib, do’ppini boshdan olib, o’ylab, maslahatlashib bo’lgandan keyin, vatanga qaytib borish kerak. Hammamiz birlashib, tayyor kelajakni buyuk bo’lishini poylamasdan, o’sha kelajagi buyukni baravar qilishimiz kerak. Shundagina biz haqli bo’lamiz O’zbekiston fuqarosimiz deb yurishga”, - deydi xonanda.

Yulduz Usmonova mish-mishlar sabab muxlislaridan bir oz ranjiganini ham yashirmaydi.

“Muxlisim mening do'stimdir. Do'stimga aytadigan gapim, yolg'on-yashiq gaplarga ishonmang. Men haqimda shuncha gap bo’ldi. Shuncha ig’volarga o’rgangan odam bo’lsam ham aslida, o’libt, tug’ibti, qamabti degan gap chiqqanida, ozgina hafa bo’lgan joyim shu bo’ldi-ki, 20-25 yil xalqimga xizmat qilyapman-u, hali muxlislarim meni yaxshi bilmas ekan-de, deb biroz xafa bo’ldim.”

Nyu-York va Floridada berilgan “Sog’inch” dasturi Yulduz Usmonovaning bu yilgi ilk konsertidir. Oldinda Turkiyadagi ijod, O’zbekistonda esa bu yilgi ilk musiqiy albomini tugatish rejalari bor.

Konsert davomida muxlislarga yangi qo’shiqlar ham taqdim etildi. Ayniqsa “Do’st”, “Kibr” qo’shiqlari, deydi shinavandalar, bu yilgi xit-taronalar qatoridan o’rin olishi turgan gap.

XS
SM
MD
LG