AQSh Falastinga 900 million dollar bermoqchi


Yaqin Sharq bo'ylab safarga chiqqan AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, AQSh Falastinga 300 million dollarlik yordam berishga qaror qilgan, biroq bu pul G'azoni tiklash uchun sarflanishi zarur.

Xillari Klinton pul insonparvarlik maqsadida berilmoqda va Xamas qo'liga tushmasligi kerak deydi. Bugun Klinton Misrda G'azoni tiklashga qaratilgan xalqaro donorlar anjumanida ishtirok etgan.

AQSh bosh diplomatiga ko'ra, Falastin hukumati byudjetidagi kamomadni yopish, islohotlar o'tkazish va iqtisodiy taraqqiyot uchun Qo'shma Shtatlar qo'shimcha 600 million dollar ajratadi. Ammo avval Kongress uni tasdiqlashi lozim.

Falastin prezidenti Mahmud Abbosning aytishicha, Isroil bilan mojaroga chek qo'yilmas ekan, moliyaviy yordamdan foyda yo'q.

Isroil va Xamas o'rtasida kechgan 22 kunlik urush davomida falastinliklar hisobicha 4 mingdan ziyod uy vayron bo'lgan va 1,300 falastinlik halok bo'lgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munga ko'ra, Isroil G'azo sektori bilan chegarani ochishi zarur, aks holda hududni qayta qurish oson bo'lmaydi.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi ham shunday chaqiriq bilan chiqib, "G'azoni tomsiz qamoqxonaga aylantirmaslik kerak" degan.

Sharm-al-Shayxda o'tgan anjumanda 75 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan. Falastin muxtoriyati G'azoni tiklash uchun 2,8 milliard dollar kerak deydi.

Fors ko'rfazi kengashi tashkilotiga kiruvchi olti davlat salkam 1,7 milliard dollar berishga va'da bergan.

Mintaqaga safari chog'ida Xillari Klinton Isroil va Falastin rahbarlari bilan uchrashadi.

XS
SM
MD
LG