Breaking News

Vashington-Kreml Eron borasida kelishuvga erishgani yo'q


Prezident Barak Obama Rossiya bilan siyosiy murosaga tayyor ekanini ayon qilmoqda. Oq Uydan Kremlga bu borada maktub yo’llangan.

Unda Obama AQSh Yevropa sharqida yangi mudofaa tizimlari o’rnatish ahdidan qaytishi mumkin, agar Rossiya Eronni yadro maqsadlaridan voz kechishi uchun yordamlashsa, deyiladi.

Maktubda Obama yadro qurollarini tarqatmaslikdan tortib dunyo xavfsizligigacha – qator mavzularni, jumladan Eron masalasini ko’targanini aytadi. Ammo “Kremldan yordam evaziga mudofaa tizimidan voz kechamiz” degan gaplarni rad etmoqda.

“AQSh o’z pozitsiyasini anchadan buyon bayon qilib keladi, ya’ni tizim Rossiyaga qarshi qaratilmagan. Balki Eron va Shimoliy Koreyadan himoya vositasida sifatida xizmat qiladi. Medvedevga hech qanday yangi taklif bilan chiqqanim yo’q”, - deydi Barak Obama.

Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Bush davridan beri “Polsha va Chexiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa sistemasi o’rnatamiz” deb keladi. Bu Vashington va Kreml o’rtasida eng nozik masalalardan.

Rossiya tizimni o’z xavfsizligiga tahdid deb hisoblaydi. AQShga esa Eron va Shimoliy Koreya singari yadroviy faoliyat olib borayotgan mamlakatlardan himoya kerak.

6 mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Jenevada uchrashar ekan, mavzu kun tartibidan joy olishi turgan gap. Barak Obama ma’muriyatidan ijobiy, Bushdan o’zgacha bir yondashuv kutayapmiz, deydi prezident Dmitriy Medvedev.

Barak Obama ham Rossiya bilan sovuqlashgan munosabatlarni qayta ko’rib chiqishga so’z bermoqda.

“O’zaro hurmat va manfaatlarga asoslangan konstruktiv aloqalarga yo’l ochish lozim”.
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha mudofaa tizimiga nisbatan Rossiya qarshiligini yumshatishga hali ham umid bor.

“Eron sinovdan o’tkazayotgan uzoq masofali ballistik raketalar hozircha AQShga xavf tug’dirmasa-da, Rossiya hamda Yevropaning sharqiy va g’arbiy qismlariga yeta oladi”, - deydi Robert Geyts. Ushbu fakt har ikki tomonni hamkorlikka undashi kerak.

Uning qayd etishicha, Obama ma’muriyatining Yevropa va Rossiyaga nisbatan siyosati hamda mudofaa tizimi bo’yicha pozitsiyasi hamon muhokama ostida.

Avvalroq Barak Obama, “tizim agar haqiqatda effektiv va arzon bo’lsagina, uni Yevropada o’rnatishga qarshi emasman” degan edi.

Obama va Medvedev 2 aprel kuni Londonda muloqot qilishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG