AQSh Qirg'iziston bilan hamkorlikni davom ettirish tarafdori


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Qirg’izistondagi Manas harbiy havo bazasi masalasini rasmiy Bishkek bilan muzokara qilishga tayyor, ammo uning aytishicha boshqa muqobil yo’llar ham muhokama qilinmoqda.

Amerika harbiy bazadan foydalanayotgani uchun 2001 yildan buyon Qirg’iziston hukumatiga yiliga 17 million 400 ming dollar to’lab keladi. Bazada AQShning Afg’onistondagi harbiy amaliyotlariga hissa qo’shayotgan 1000 askar va havo vositalari joylashgan. U yerda Qirg’iziston fuqarolari ham ish bilan ta’minlangan.

2006 yilda AQSh va Qirg’iziston rasmiylari orasida bitim imzolanib, ijara muddati uzaytirilgan edi. Lekin Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev o’tgan oy Moskvada Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashgach Manas bazasi AQSh harbiylari uchun yopilishini e’lon qilgan.

Qirg’iziston parlamenti bu qarorni ma’qulladi va Bakiyev unga 20 fevralda qo’l qo’ygan. Unga binoan AQSh harbiylari Manas bazasini 3 oy ichida tark etishi kerak.

AQSh Mudofaa vaziri Geyts Polshada o’tgan NATO majlisida “mavzu hali butunlay hal etilgani yo’q va Qirg’iziston rasmiylari bilan muhokama davom etmoqda”, - degan. Uning fikricha Manas bazasidan foydalanish muddati uzaytirilishi mumkin.

Manas harbiy bazasiga doir kelishuvdan Qirg’iziston manfaatdor. Baza Afg’onistondagi ektremist kuchlarga qarshi kurashda muhim rol o’ynamoqda.

Qirg’iziston ham 1990-yillar mobaynida Tojikiston va O’zbekistonda faoliyat olib borgan terror tashkilotlaridan katta ziyon ko’rgan. Shu sababli rasmiy Bishkek, 2001 yilning 11 sentyabridagi qonli voqealar ketidan, Afg’onistonda Tolibonga qarshi urushda ko’maklashish uchun o’z hamkorligini taklif qilgan edi.

Qirg’iziston hukumati 2005 yilda amalga oshgan inqilobdan buyon harbiy bazadan foydalanish badalini oshirib kelmoqda.

AQSh Mudofaa vazirining qayd etishicha tomonlar kelisha olmasa, Vashington muqobil bazalar topadi. “Manas albatta muhim, ammo biz uchun yakkayu-yagona baza emas”,- deydi u.

Afg’onistonda tinchlik o’rnatilishi nafaqat Qirg’iziston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ulkan ahamiyatga ega. AQSh rasmiy Bishkekni Manas harbiy bazasiga doir kelishuvni uzaytirishga chaqiradi.

XS
SM
MD
LG