Breaking News

Afg'onistonda prezident saylovlari yozga qoldirildi


Afg’onistonda prezident saylovlari shu yilning 20 avgustida o’tadi.

Amaldagi rahbar Hamid Karzay saylov erta o’tsin desa-da, saylov komissiyasi bu kunni o’zgartirmoqchi emas.

Qo’shma Shtatlar ham komissiya qarorini ma’qullamoqda.

Hamid Karzayning prezidentlik muddati may oyida tugaydi. Konstitutsiyaga ko’ra, yangi rahbar 1 oy oldin, ya’ni aprelda saylanishi kerak.

Biroq ob-havo yomon, xurujlar avj olgan sharoitda shoshish kerak emas, deydi saylov komissiyasi rasmiylari.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha, Hamid Karzayning xavotiri o’rinli. May oyidan so’ng qonunan uning vakolati tugaydi. Biroq saylovlar adolatli va xavfsiz o’tishi uchun yozni kutgan ma’qul. Ungacha Amerikaning qo’shimcha 17 ming askari Afg’onistonga yetib boradi.

“AQSh Afg’onistonda abadiy jang qilmoqchi emas, maqsad tinchlik o’rnatish, bu jamiyat tiklanishi uchun yordam berish”, - deydi Robert Geyts.

Hozir mamlakatda AQSh 36 ming harbiyga ega. Bugun Kobul yaqinida, Bagrom harbiy bazasida 2 portlash ro’y berib, bir necha kishi jarohat olgan.

XS
SM
MD
LG