Aksariyat musulmonlar AQSh jamiyatimizni tark etsin deydi


So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat musulmonlar Al-Qoida tashkilotining terrorchilik faoliyatini qoralaydi. Biroq shu bilan birga, ko’pchilik AQSh harbiylarini musulmon davlatlaridan siqib chiqarish kerak degan fikrga ham qo’shiladi.

Vashingtonda asoslangan World Public Opinion tashkiloti o’tkazgan so’rovda Misr, Pokiston va Indoneziyada bir necha ming kishi ishtirok etgan. Turkiya, Iordaniya, Falastin, Ozarbayjon va Nigeriyada omma bilan suhbatlar o’tkazilgan.

Asosiy xulosa shuki, Al-Qoida va boshqa guruhlar siyosiy-diniy maqsadlarga erishish yo’lida qotillik va zo’ravonlikni ishga solishini, begunoh odamlarni o’ldirishini hech narsa oqlay olmaydi. So’ralganlarning 70 foizi shunday fikr bildirgan.

“Islom olamida Al-Qoida olg’a surayotgan mafkura va maqsadlarga nisbatan turlicha qarashlar mavjud”, - deydi World Public Opinion tashkiloti rahbari Stiven Kall.

“So’rov shuni ko’rsatdiki, terror tizimining AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarini yopib, mintaqani tamoman tark etsin qabilidagi talablari keng omma fikri bilan hamohang. Lekin bunga erishish uchun terror usullarining qo’llanishi, ayniqsa oddiy aholiga qarshi har qanday hujumlar qoralangan. AQSh qo’shinlari bundan mustasno deydiganlar ko’p emas”, - deydi Kall.

“Musulmon jamiyatlari Qo’shma Shtatlar ular bilan o’zaro hurmat asosida ish ko’rishini, bosqinchilik siyosatidan voz kechishini, mintaqa davlatlarini mustaqil deb ko’rishini istaydi. Ayniqsa AQSh bizga aql o’rgatishni bas qilsin degan gapni ko’p eshitasiz”.

So’rovga ko’ra, AQSh dengiz kuchlarining Fors ko’rfazida muqim turishiga nisbatan qarshilik kuchli. Hatto AQShga ittifoqchi davlat Turkiyada ham bu ko’rsatkich 77 foizni tashkil etadi. Izlanish mualliflari taxminicha, bunga musulmonlar orasida AQSh tashqi siyosatiga bo’lgan shubha-gumonlar sababdir.

Indoneziyada 62 va Misrda 87 foiz aholi AQShning maqsadi “islom dunyosini zaiflashtirish va bo’lib tashlash” deb hisoblaydi.

Ozarbayjon, Iordaniya, Misr va Turkiyada Vashingtonning Isroil-Falastin mojarosiga adolatli yechim topa olishiga ishonch past. Isroil manfaatlari ustun kelishi aniq, deydi ko’pchilik.

Tahlilchi Daniel Brumberg deydiki, prezident Barak Obama oldida musulmon dunyosi bilan munosabatlarni yangilashdek og'ir vazifa turibdi. Arab-Isroil ziddiyatlari va ularga barham berishda AQShning roli har doimgidek musulmonlarning Amerikaga nisbatan munosabatini belgilovchi omillar.

Xulosa shuki Barak Obamaning saylangani hozircha AQShga nisbatan salbiy qarashlarni o’zgartirgani yo’q.

XS
SM
MD
LG