Breaking News

Tatarlar tarixiy vataniga qaytishni istaydi, biroq...


O'zbekiston tatarlar jamiyati a’zosi, tarixchi olim Rinat Shahobiddinov tatarlar tarixi haqida bir necha ilmiy maqolalar chop qilgan.

Uning aytishicha, rus podshosi Ivan Grozniy Qozon xonligini bosib olgach, tatarlar o’zga yurtlarga keta boshlaydi.

Majburiy cho’qintirishdan qo’rqqan minglab tatarlar turli tomonlarga tarqaladi, jumladan, Markaziy Osiyoga.

Tatarlar Sovet imperiyasi davrida ham qatag’onga uchragan millatlardan.

Ittifoq parchalangandan keyin Tatarston to`liq mustaqil bo’lmagan. Muxtor respublika sifatida Rossiya tarkibida qolgan.

Shahobiddinov fikricha, tarixiy vatanga qaytish bugun ham muammo, Rossiya tatarlar uchun biror imtiyoz bergani yo`q.

“Tatar fuqaroligi yo'q, faqat Rossiya fuqaroligi bor. Muammo hammanikiga o`xshash -- tatarlarda Rossiya fuqaroligini qabul qilish uchun biror imtiyoz yo`q. Boshqa tomondan, iqtisodiy imkoniyatga ham bog`liq. Bu yer[O’zbekiston]dagi uyingizni sotib, Rossiyadan yoki Tatarstondan joy olish juda mushkul,” - deydi Shahobiddinov.

Tatariston respublikasi ularni qaytarish uchun biror vakolatga ega emas.

Rinat Shahobiddinov deydiki, hozir Tatarstondan buni talab qilish ham qiyin.

“Tatarston rahbariyati mulohaza bilan ish qilayapti. Ammo baribir Rossiya tarkibida, Moskvaning ra’yiga qaramasdan iloj yo`q. Har holda Toshkentda o`tayotgan ko`plab tadbirlar Qozon tomonidan, shaxsan prezident Mintimer Shaymiyev tomonidan qo`llab-quvvatlanadi”, - deydi u.

O`zbekistonda hozir 300 mingga yaqin tatar yashaydi, biroq tatar tilidagi maktab-bog`chalar yo`q, bu tilda gazeta ham chop qilinmaydi.

Rinat Shahobiddinovning aytishicha, bu ruxsat berilmayotganiga emas, balki mablag’ga taqalayotgan masala.

“Buni davlat moliyalashi kerakmi yoki xayriya tashkilotlari - hozir shu narsa o`rganilayapti”, - deydi u.

Tatar ziyolilari XX-asr boshlarida Turkistonda kechgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etgan. O`zbekistonda matbuot paydo bo’lishi ham shu bilan bog’liq.

“Turkistonda jadidlar, milliy uyg`onish harakati maydonga kelishida tatar ziyolilarining o`rni juda katta. Shu yillari ko’plab tatarstonlik ziyolillar kelib, nafaqat Toshkentda, boshqa joylarda ham maktablar ochgan. Tatar domla, no’g’ay domla nomi bilan o`zbek bolalariga darslar berishgan. Jadidlar adabiyoti, matbuotini yuzaga kelishida tatar ziyolillari qo`shgan hissa juda katta”, - deydi adabiyotshunos olim Naim Karimov.

XS
SM
MD
LG