Breaking News

Prezident Barak Obama kelasi oy Turkiyaga safar qiladi


Yevropa va Yaqin Sharq bo’ylab safarini yakunlayotgan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Anqarada Bosh vazir Rajab Toyip Erdog’an bilan muloqot qilgan.

Iroq, Afg’oniston va terrorizmga qarshi kurash qatorida arab-Isroil ziddiyatlari kun tartibidagi muhim mavzulardan. Mintaqa tinchligiga diqqatni qaratayotgan Obama ma’muriyati Turkiyadan bu borada hamkorlik kutmoqda.

Xillari Klinton AQSh yangi ma’muriyatining Turkiyaga tashrif buyurgan ilk vakili. Uning safari ikki mamlakat o’rtasida ittifoqchilik rishtalarini yangilash uchun yaxshi imkoniyat.

Muhokamadagi mavzular talaygina – AQSh Turkiyani Yaqin Sharqdagi muammolarni hal etishda muhim vositachi sifatida ko’radi; shuningdek, Turkiya Rossiyani chetlab o’tuvchi energetik loyihalarda ishtirok etishi kutilmoqda.

Turkiya Xamas guruhi va arab mamlakatlari bilan yaqin aloqada. Ga’zodagi urush sabab Isroil bilan biroz sovuqlashgan munosabatlari ham sekin-asta izga tushmoqda. Xalqaro hamjamiyat Isroil va Falastinni tinchlikka undar ekan, Obama ma’muriyati har ikki tomon bilan do’stona aloqaga ega Turkiyaning roli muhim ekanini yaxshi tushunadi.

Turkiyadagi Bilgi Universiteti olimi Soli Ozel deydiki, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda turk harbiylari sonini oshirishni ham so’ramoqda. Hozirda ular poytaxt Kobul va uning atrofida tinchlikparvarlik bilan shug’ullanadi. Ammo Turkiya, NATOga a’zo boshqa davlatlar singari, mamlakatning xavfli janubiy viloyatlariga askarlarini yo’latmoqchi emas.

Shu hafta rasmiy Anqara Iroqdan Amerika qo’shinlarini chiqarish uchun o’z harbiy bazalaridan foydalanishga rozilik berdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ali Bobojon AQSh javobini kutyapmiz deydi.

Prezident Barak Obama kelasi oy Turkiyaga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Xillari Klinton Jenevada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham muloqot qilgan. AQShda rahbariyat o’zgarganidan beri ikki mamlakat o’rtasida aloqalar jonlanayotgani ko’zga tashlanadi.

Vashington-Kreml o’rtasida strategik qurollarni kamaytirish bo’yicha shartnoma muhlati shu yilning dekabr oyida nihoyasiga yetadi. Kelishuvni yangilashga qaratilgan muzokaralarni hoziroq boshlash zarur, deydi AQSh tashqi ishlar vazirasi.

“Qurol-yarog’ nazorati, yadroviy qurollarni tarqatmaslik, Afg’oniston, Shimoliy Koreya kabi har ikki tomon uchun muhim masalalarda konstruktiv dialog boshlab, so’zlardan ishga o’tishga kelishib oldik”, - dedi Xillari Klinton, Sergey Lavrov bilan muloqot natijalariga to’xtalar ekan.

Strategik qurollarni kamaytirish bo’yicha AQSh va Rossiya o’rtasida ilk bor 1991 yilda kelishuv imzolangan. START nomini olgan bu hujjatda tomonlar raketalar sonini 6 ming donaga cheklash haqida kelishib olgan edi. Mamlakatlarning yadroviy arsenalini kamaytirish to’g’risidagi kelishuv muddati esa shu yil so’nggida tugaydi.

XS
SM
MD
LG