Breaking News

Hamid Karzay prezident saylovlarini kechiktirishga rozi


Amerika prezidenti Barak Obama Afg’oniston hukumatining Tolibon bilan gaplashish tashabbusini yoqlamoqda. Obama fikricha, Iroqda Al-Qoidadan bezigan guruhlar bilan muzokara samara bergan va xuddi shunday strategiyani Afg’onistonda ham qo’llash mumkin.

Afg’on rahbari Hamid Karzay tinchlik yo’lida Tolibonning Al-Qoidaga qo’shilmagan a’zolari bilan sulh tuzish kerak deb keladi. Yaqin orada bu mamlakatga 17 ming amerikalik zobit yo’l oladi.

Bu orada Hamid Karzay Afg’onistonda prezident saylovlarini avgust oyida o’tkazishga rozilik bergan. Tanqidchilar uni prezidentlik muddati tugagach, ya’ni may oyida lavozimidan ketishda chaqirmoqda.

Saylovni kechiktirish qarori mamlakatdagi ob-havo, moliyaviy muammolar hamda xavfsizlik bilan izohlanmoqda. Konstitutsiyaga ko’ra, saylov prezidentlik muddati tugashidan bir-ikki oy oldin o’tkazilishi lozim.

Muxolifatchi siyosatchilar nazarida Karzayning xizmat muddati nihoyasiga yetgach, parlament tomonidan muvaqqat rahbar tayinlanishi kerak. Biroq Kobulda o’tgan matbuot anjumanida Hamid Karzay bu chaqiriqlarni rad etgan.

“Saylovlar avgust oyiga belgilandi, prezident o’shangacha o’z lavozimida qoladi”,- deydi Hamid Karzay. Raqiblari esa uni hiyla-nayrang bilan yana bir muddatga saylanishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Karzay tanqidlarga javoban “ziddiyatlarni faqat murosa yo’li bilan bartaraf etish tarafdoriman. Siyosatchilar arz-shikoyatga berilmay, yaxshisi saylov kampaniyasini boshlasin,” - degan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, AQSh va NATO nazarida saylovning avgustda o’tishi ma’qul qaror. NATOga a’zo davlatlardan qo’shimcha kuchlar ungacha notinch hududlarda joylashib, xavfsizlikni ta’minlashga kirishadi.

Obama ma’muriyati shu oy oxirida Afg’oniston va unga qo’shni davlatlar ishtirokida xalqaro anjuman o’tkazishni rejalamoqda. Unga Eron ham taklif qilingan. Vashingtonning Afg’oniston masalasiga yangicha yondashuvi mintaqaviy hamkorlikni nazarda tutadi.

XS
SM
MD
LG