Obama: Tolibonning ayrim a'zolari bilan gaplashishimiz mumkin

  • Pola Vulfson

Afg'oniston hukumati nazarida AQSh rahbari Barak Obama Tolibonning mo'tadil a'zolari bilan muzokara qilish haqida o'ylab to'g'ri mulohaza yuritmoqda. Lekin Obama ma'muriyati hali biror qarorga kelgan emas.

Barak Obama fikricha, Iroqda jangari kuchlar bilan muzokara qilib ijobiy natijaga erishilgan va Afg'onistonda ham Tolibon safidagi uncha radikal bo'lmagan va harakatning zaif jihatlarini yaxshi bilgan tomonlar bilan gaplashish mumkin.

"Iroqda barqarorlikka yetaklagan omil shu bo'ldiki, Al-Qoida singari guruhlar safida yakkalanib qolgan, ularga ishonchini yo'qotgan jangarilar bilan ishlandi. Buni general Deyvid Petreus ham tasdiqlaydi",- deydi Obama.

Razvedka ma'lumotlariga ko'ra, Afg'oniston va Pokistonning bu mamlakat bilan chegaradosh, qabilaviy tuzumda yashovchi hududlarida o'z yetakchilaridan norozi jangarilar ko'p. Ammo, deya qo'shadi Obama, buning o'zigina Afg'onistonga tinchlik olib kelmaydi.

"Bu hududlar o'zini o'zi boshqarishga o'rgangan. Ular tashqi bosimlarga tamoman yo'q deydi. Har bir qabila o'z manfaati uchun kurashishga tayyor. Qabilalararo nifoqlar tarixi juda uzun. Shu bois biz uchun bu mintaqada tinchlikka erishish oson bo'lmasligini tushunamiz",- deydi prezident.

Afg'on rahbari Hamid Karzay Tolibon bilan murosa qilish mumkin deya ishonch bildirib keladi. Lekin prezidentlikka qayta saylanish umidida yurgan bu arbob fikricha ham masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashgan ma'qul. Tolibon Al-Qoidadan voz kechmasa, deydi u, bu harakat bilan hech qanday muzokara olib bormaslik kerak.

AQSh Afg'onistonda o'z harbiylar sonini 17 mingga ko'paytirmoqda. Bu bilan Amerika u yerda qariyb 50 ming kuchga ega bo'ladi.

Obama fikricha, afg'on xalqi hukumatga ishonmay qo'ygan. Bu esa Tolibonga kuch bermoqda, deydi u.

Avvalo, deya qayd etadi prezident, bu mamlakatda odamlar ruhini tiklash kerak. Bu degani iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, uy-joy va ish bilan ta'minlash lozim.

"Harbiy qudratni oshirishning o'zi yetmaydi",- deydi Obama.

Afg'onistonda gumanitar loyihalar yanada ko'payishi kutilmoqda.

Xalqaro koalitsiya mamlakat janubidan tashqari boshqa hamma hududlarda tinchlikni ta'minlashga muvaffaq bo'lgan. Qandahor va Xost singari viloyatlarda esa Tolibonning qo'li baland. Amerika harbiy qo'mondonlari strategiyani yangilash, resurslarni oshirish kerak deb chiqmoqda.


XS
SM
MD
LG