Hamid Karzay Amerikada keskin tanqid ostida


Afg'oniston prezident saylovlariga hozirlik ko'rmoqda. Rahbarlikka da'vogarlar hozircha aniq emas, ammo ular orasida Hamid Karzay ham bor.

Tanqidchilar uning 5 yillik faoliyatini tahlil qilar ekan, Afg'onistonda boshqaruv hamon zaif ekani, afyun savdosi barq urayotganini tilga oladi.

Ular nazarida asosiy muammo bu – poraxo'rlik va korrupsiya. Davlat rahbarining oila a'zolari ham bunday illatga qo'l urayotgani gumon qilinadi.

Afg'oniston biznes va siyosiy doiralarida prezident Hamid Karzayning akasi - Mahmud Karzayni mamlakatning eng badavlat kishilaridan biri hamda Afg'oniston biznes olamining darvozaboni deb atashadi.

"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, AQSh fuqarosi Mahmud Karzay sakkiz yil ilgari Kaliforniya, Merilend va Massachusetts shtatlarida bir necha kichik restoranlar egasi edi.

Bugun u Afg'onistonning o'ta muvaffaqiyatli tadbirkorlaridan biri. Mamlakatdagi yagona sement zavodidan tortib, ko'mir konlari-yu poytaxt Kobulda imoratlar barpo etishgacha … uning eng daromadbop loyihalarda ulushi bor.

Albatta, bunday yirik biznes imperiyani qurishda Mahmud Karzay ham Kobul, ham Vashingtonda orttirgan tanish-bilishlari va investorlarga tayangani turgan gap, deyiladi maqolada. Yaqin do'sti, sobiq respublikachi kongressmen Jek Kemp yordamida Karzay amerikalik sarmoyachi-bankirlardan 5 million dollardan oshiq qarz olib, Kobul va Qandahorda qurilish loyihalariga sarflamoqda.

O'tgan yili AQSh tomonidan moliyalangan saylovda Mahmud Karzay Afg'oniston Tijorat Palatasining rahbar muovini etib tayinlangan. Raislikni esa uning biznes hamkori Sherxan Farnud qo'lga kiritgan. Afg'onistonda ishlamoqchi bo'lgan xorijiy sarmoyadorlar avvalo uning oldidan o'tadi deyishadi.

"Nyu-York Tayms" gazetasi bilan suhbatda, Mahmud Karzay "o'zim haqimda mish-mish va tuhmat-bo'htonlarni ko'p ehitaman. Ukasi prezident ekan, unga barcha yo'llar ochiq deb aytishadi. Lekin aslida erishgan yutuqlarim izlanish va intilishlar, katta mehnat mahsuli", - deydi.

Tanqidchilar nazarida esa prezident inisi hech bir jinoyatda ayblanmayotgan bo'lsa-da, uning qisqa vaqt ichida katta boylik orttirgani hukumat va davlat rahbari gardaniga siyosiy yuk bo'lib tushmoqda.

"Mahmud Karzay prezident soyasida bo'lmasa shuncha ishga qo'l ura olarmidi?" deb so'raydi Daud Sultanzoy, prezident oilasini tekshirishga chaqirayotgan qonunchi. Uning aytishicha, aynan korrupsiya va jinoyatchilik, mahalliychilik va urug'-aymog'chilik sabab xalq hukumatga ishonmay qo'ygan.

Davlat rahbarining ukasi Qayum Karzay AQShning Merilend shtatida restoran biznesi bilan shug'ullanadi. Yaqingacha afg'on parlamentining a'zosi bo'lgan. "Nyu-York Tayms"ga bergan intervyusida u prezident Hamid Karzay, Saudiya Arabistoni hamda Tolibon o'rtasida norasmiy vositachi bo'lib xizmat qilayotganini aytgan. Ma'lumki, rasmiy Kobul tinchlik yo'lida Tolibon bilan murosa qilish harakatida.

Gazeta ma'lumotlariga ko'ra, Ahmad Vali Karzay, prezidentning yana bir ukasi, narkotiklar savdosi bilan shug'ullanayotganlikda gumon qilinadi. G'arb rasmiylari, jumladan, NATO qo'mondonlari masalani bir necha bor ko'targan. Biroq Prezident Hamid Karzay ayblovni rad etib, bunday yolg'onlar chet el harbiylarini tanqid qilganim uchun ataylab tarqatilmoqda deydi. Afg'on rahbari NATO operatsiyalaridan tinch aholi jabr ko'rayotganidan shikoyat qilib keladi.

Afg'onistonda prezident saylovlari shu yilning avgust oyida o'tkaziladi. Xizmat muddatini tugatayotgan Hamid Karzay yana bir muhlatga saylanish istagida.

XS
SM
MD
LG