AQSh armiyasi muhojir tilmoch va vrachlarga fuqarolik beradi


AQShga vaqtincha viza bilan kelgan qonuniy immigrantlar, talaba va qochqinlar armiyaga yollansa, yarim yilda fuqaro bo’lishi mumkin. Bu ayniqsa tarjimon va tibbiy mutaxassislarga taalluqli.

AQSh matbuotida paydo bo’lgan bu xabar qiziqish, e’tiroz va hatto kinoya bilan qarshi olingan. Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga qo’shin yetkazaman deb o’ylamay harakat qilmoqda, deydi ba’zilar.

Kelgindiga qurol va xavfsizlikni ishonib bo’ladimi? Boshqalar nazarida kosa tagida nimkosa bor - Pentagonda o’tirganlar anoyi emas.

AQSh Mudofaa vazirligi qoshida rekrutor bo’lib ishlayotgan Abror Sharipov armiyaga tarjimon yetkazib berish bilan shug’ullanadi. Uning aytishicha, xohlovchilar qattiq tekshiruv, elakdan o’tkaziladi.

“Harbiyga hamma ham olinavermaydi. Chunki qo’shilmoqchi bo’lgan odam 2 yil davomida Amerikada qonuniy yashagan bo’lishi kerak. Demak, talaba bo’lsin yoki ishlashga kelgan bo’lsin, kamida 2 yil yashab qo’ygan bo’lishi kerak. Tushunishimcha, bu davr ichida, deylik, menga o’xshagan kelgindilar o’z tarixga ega bo’ladi. Bankda hisob raqami ochadi, ijaraga turadi, odamlar bilan tanishadi, oliygohda o’qiyotganlar yangi o’rtoqlar orttiradi. Agar O’zbekistondan kecha kelgan bo’lganimda edi, Amerika men haqimda hech narsa bilmagan bo’lar edi. 10 yildan beri yashayman, ko’p narsani bilishadi. Kerak bo’lsa orqadan tekshirib olishadi”.

AQSh Afg’oniston va Iroqda jang qilar ekan, askarlarga talab katta. Tibbiy kadrlar, tarjimon va tahlilchilar suv bilan havodek zarur.

Shuni inobatga olib, Mudofaa vaziri Robert Geyts o’tgan yil kuzida (2008 yil 25 noyabr) maxsus hujjat imzolagan [Military Accessions Vital to the National Interest (MAVNI)]. Unga ko’ra, turkman, rus, fors, turk, ozarbayjon va boshqa tillarni biladigan odamlar hamda vrach, hamshiralar uchun armiya eshiklari ochiq.

AQSh mudofaasiga otlangan bu odamlar 6 oyda fuqaroga aylanadi. Abror Sharipov nazarida bu hukumat uchun bir eksperiment.

“Bu endi hamma armiyaga ketsin, shu orqali fuqaroligini olsin degani emas. O’zbekistonlik bo’lganimiz uchun baribir yurtni e’zozlaymiz. Keyin, harbiy xizmatga ketib, bu odamlar Amerikaga katta yordam qilmoqda. Bir yildan keyin ko’rishadi – ketgan pul o’zini oqladimi, yetdimi? Chunki har bir odamni yollash, rasmiylashtirish uchun davlatdan 20-30 ming dollar ketadi. Yaxshi o’tsa, ko’paytirishadi bu raqamni, bo’lmasa, umuman yo’q qilib yuborishadi”.

Shu yil boshida boshlangan programma bir yil davom etadi. Jami 1000 mutaxassis qabul qilish rejalangan. Shulardan kamida 500 nafari tarjimon, 300 dan ko’pi medik bo’lishi kerak.

“Savol tug’ilishi mumkin. Amerika Afg’onistonda hozir harbiy harakatlar olib borayapti. O’sha yerda nahotki O’rta Osiyodan odam kerak emas? O’zimdan so’rashadi – “o’zbek tilini bilaman, nimaga ishga olishmaydi” deb. Afg’onistonda bo’layotgan harakatlar ko’pi Pokiston bilan chegarada, pashtunlar yashaydigan joyda ketayapti. Ular uchun pashtun, fors tillarini bilish kerak”.

AQSh armiyasi berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, odam qaysi tilni bilishidan qat’iy nazar, xohlasa, hujjat topshirib qo’yishi mumkin. Kelajakda dastur kengaysa, shartlar o’zgarsa, harbiylar ular bilan bog’lanadi.

Loyiha samara bergan taqdirda, Pentagon yiliga 14 ming kishi yollash niyatida. Biroq muhojirlar qoidani buzib, xizmatdan ketsa, fuqarolikdan shu zahoti mahrum qilinadi.

Amerika uchun bu yangilik emas.

XVIII asrda mustaqillik uchun kurash, 1950-1990 yillar orasidagi Sovuq urush davrida , qolaversa Vyetnam urushi paytida minglab kelgindilar armiyaga qabul qilingan.

Pentagon hisobicha, Amerika armiyasi safiga yiliga 8 ming immigrant qo’shiladi. Hozir taxminan 29 ming muhojir harbiy xizmatda. Ular orasida O’zbekistondan kelganlar ham bor.

XS
SM
MD
LG