Breaking News

Vitse-prezident Bayden NATOni ahillikka chaqirmoqda


AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Bryusselda NATO qarorgohida so'zlab, alyansni ahillikda Pokiston va Afg'onistondan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashishga chaqirgan. Ma'lumki, AQSh Afg'onistonga qo'shimcha kuchlar safarbar qilib, Yevropadan ham shuni kutmoqda.

"AQSh va NATOga a'zo davlatlar oldida bir xil xavfsizlik muammolari turibdi va ularni hal qilishdan barchamiz manfaatdor. Mintaqada ahvolning yomonlashishi nafaqat Qo'shma Shtatlar, balki a'zo davlatlarning har biriga tahdiddir," deydi Bayden.

Uning aytishicha, Yevropa Afg'oniston va Pokistonda joylashgan jangarilar nimaga qodir ekanini yaxshi biladi.

"Al-Qoida ana shu joylardan turib 11 sentyabr voqealarini rejalagan. London va Madriddagi xurujlar ham o'sha yerdan turib uyushtirilgan," deydi AQSh vitse-prezidenti.

NATO kuchli va ahl bo'lishi lozim. Busiz 21-asr tahdidlariga qarshi kurasha olmaymiz, deydi Bayden.

Kelasi oy Fransiya va Germaniyada NATOning 60 yilligi nishonlanadi va tantanalar doirasida o'tkaziladigan sammitda mavzu yana bir bor ko'tariladi. Sammitga prezident Barak Obamaning borishi kutilmoqda.

Bir necha kun burun Bryusselda AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham bo'lib, AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha qayta ko'rilayotgan strategiyasi haqida hamkor davlatlarga ma'lumot bergan.

Londonlik tahlilchi Tomas Valasekning aytishicha, Yevropa yangi strategiyada o'z savollariga javob topmas ekan, Afg'onistonga qo'shimcha askar yubormasligi mumkin.

"Tolibon bilan gaplashiladimi, yo'qmi? Pokistonda nima qilish lozim? Oddiy fuqarolarni koalitsiya kuchlari hujumidan qanday saqlash mumkin? Chunki tasodifiy qurbonlar sabab Afg'onistonda alyans nufuziga putur yetmoqda," deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG