Breaking News

Yaqin Sharqda tinchlik hozircha faqat bir orzu


Barak Obama fikricha Yaqin Sharqda tinchlikni tiklamasdan turib qator xalqaro masalalarga barham berib bo’lmaydi. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham mintaqa muammolari bilan jiddiy shug’ullanishga, Amerika siyosatini tubdan o’zgartirishga bel bog’lagan.

Barak Obama ishga kirishganiga endigina 2 oy bo’ldi va bu davr mobaynida Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton, Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakil Jorj Mitchel va boshqa diplomatlar mintaqadagi ahvol bilan tanishib, yangi strategiya ustida ishlamoqda.

Parokanda xalqlar o’rtasida haqiqiy tinchlik o’rnatish uchun AQSh bor kuch-g’ayratini sarflashga tayyor, lekin yaqin orada olamshumul yangiliklarni kutmang.

Jon Kerri, AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi deydiki, Bush davrida butun e’tibor Iroqdagi urushga qaratilib, mintaqadagi boshqa ziddiyatlar nazardan chetda, tinchlik rejasi ham rejaligicha qoldi.

“Yangi rahbariyat - Amerikaning Yaqin Sharqdagi rolini yangilash uchun noyob imkoniyat. Avvalo Isroil-Falastin mojarosi mintaqaviy muammo ekani va qo’shni davlatlar hamkorligisiz hal bo’lmasligini anglash zarur”, - deydi Jon Kerri. Uningcha Eron, Iroq, Suriya, Livan hamda tinchlik jarayoni bir-biriga chambarchas bog’liq masalalar.

Qo’shma Shtatlar Suriyani Xamas va Hizbulloh kabi jangari guruhlarni quvvatlayotganlikda ayblasada, ayni damda rasmiy Damashq bilan muloqot boshlagan. Bu to’g’ri qaror, deydi Robert Malli, xalqaro inqirozlarni o’rganuvchi guruh eksperti.

“Falastin birdamligi, Suriya va Eron bilan ochiq muloqot, Suriya-Isroil o’rtasida tinchlik muzokaralari bo’ladimi, Obama ma’muriyati bir paytning o’zida bir necha jabhada ish olib borib, do’stu-dushmanga qo’l uzatib, nazarimda, ko’proq narsaga erishadi”, - deydi Robert Malli.

Mintaqada o’zgarib borayotgan vaziyatni hisobga olganda, tinchlik hozircha faqat bir orzu. Isroilda bosh vazirlikka nomzod Benyamin Netanyaxu falastinliklar bilan tinchlik evaziga yer ajratishga qarshi. Falastinda raqib guruhlar koalitsion hukumat tuza olishi ham savol ostida.

Boshqa bir jabhada … Barak Obama Amerika harbiylarini Iroqdan vatanga qaytarish sanasini belgilagan. Eron bilan muloqotga ochiq ekanini aytib keladi.

“Mintaqa geosiyosatida yirik o’zgarishlar ro’y bermoqda”, - deydi senator Jon Kerri. Eron yadroviy xavfi kuchayar ekan, arab mamlakatlari Isroil bilan yaqinlashmoqda.

“Ikki yilcha ilgari bunday hamjihatlik haqida kim o’ylabti deysiz. Haqiqat shuki, Eronni yadro maqsadlaridan qaytarish - mintaqada barqarorlik garovi. Buni arab davlatlariga tushuntirib o’tirishning hojati yo’q”, - deydi senator.

Tahlilchi G’ayt al-Omari deydiki, Yaqin Sharqdagi siyosat va voqealar rivojida AQShning o’zi o’ta muhim rol o’ynaydi. Obamaning saylanishi bilan mintaqada ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga umid bog’langan. Arab olimining aytishicha, Amerikadan adolatli yetakchilik, xolis vositachi rolini bajarish kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG