Pol Gobl: AQSh Rossiya ra'yiga qaramasligi kerak


AQSh va Yevropa Rossiya qudrati oshayotganidan xavotirda. Kremlning Markaziy Osiyoga ta'siri AQShning mintaqadagi siyosatiga pand berayotgani aytiladi. Ba'zi amerikalik mutaxassislar fikricha esa Rossiyaning imkoniyatlari cheklangan, u bilan hisoblashmay Markaziy Osiyoda faol siyosat yuritish mumkin. Ikki tomonlama aloqalarda baza kabi tor masalalar bilan cheklanmasdan kengroq mavzularda hamkorlikni yo'lga qo'yish kerak, deydi ular.

Sobiq Sovet davlatlaridagi vaziyat bilan yaqindan tanish amerikalik mutaxassis Pol Goblning aytishicha, Qo'shma Shtatlar so'nggi yillar ichida Markaziy Osiyoda katta xatolarga yo'l qo'ydi. Oq uy mintaqa respublikalariga alohida mustaqil davlatdek emas, Rossiya vassali sifatida qaragan. Buning natijasida avval O'zbekistondagi "Xonobod", endi esa Qirg'izistondagi "Manas" harbiy bazalari qo'ldan chiqarildi, deydi tahlilchi.

""Manas" bo'yicha qaror jahonda kuchlar muvozanati o'zgarib, Rossiya foydasiga og'moqda, AQSh siyosiy vaziyatni qo'ldan chiqarmoqda degan xulosaga olib bormasligi lozim. Rossiya qudrati so'ngan. U juda zaif. Unga global emas, mintaqaviy kuch sifatida qarash kerak. Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan emas, G'arb bilan yaqinlashishni istaydi," deydi Gobl.

Uning nazarida global iqtisodiy muammolar mintaqa davlatlarini Rossiyaga tobe qilib qo'ygan, chunki millionlab markaziy osiyoliklar Rossiyada ishlab, o'z mamlakati iqtisoyotiga hissa qo'shmoqda.

"Agar ertaga ular chiqarib yuborilsa, Qirg'iziston kabi davlatlarning holi voy bo'ladi. Nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy tomondan ham. Yo'qsillik norozilik namoyishlari, tartibsizliklarga olib keladi," deydi Gobl.

Qirg'izistonning AQShdagi elchisi Zamira Siddiqovaning aytishicha, mamlakat tashqi qarzi ikki milliard dollarni tashkil etadi. Qirg'iziston uchun bu katta pul. Rossiya yordam qo'lini cho'zishga va'da bergan, deydi u.

"Rossiya qarzning bir qismidan kechishga, uzoq muddatli kredit berishga va ikki milliard dollarli sarmoya olib kirishga va'da bergan. Sarmoyaning katta qismi mamlakatda gidroelektrostansiyalar qurilishiga sarflanadi," deydi Qirg'iziston elchisi.

Pol Gobl Rossiya va'dasida turishiga ishonmaydi, ammo suv katta muammo ekanini tan oladi.

"21-asr suv uchun urushlar asri bo'ladi. Yana bir yildan so'ng Orol dengizi butunlay yo'qoladi. Suv uchun Markaziy Osiyoda katta tortishuvni hozirdan ko'rish mumkin. Orolning qurishi mintaqa ekologiyasi va salomatligiga katta zarar yetkazmoqda. Vaziyat nazorat ostidan chiqmasidan, ahvol yanada yomonlashmasidan oldin mintaqaga hozirdanoq yordam berish zarur," deydi u.

"Manas" bazasi masalasida elchi Zamira Siddiqova Qirg'iziston AQSh bilan bitimni ko'rib chiqishga tayyor, ammo AQShdan hali taklif tushmagan deydi.

Pol Goblning aytishicha, gap faqat "Manas" bazasini saqlab qolishda emas. Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyoda keng qamrovli siyosat olib borishi, ta'lim, atrof-muhit muhofazasi va siyosiy islohotlar bobida yordam berishi zarur. Agar Markaziy Osiyo beqaror bo'lsa, bu butun jahonga ta'sir qiladi, deydi amerikalik tahlilchi.

XS
SM
MD
LG