Breaking News

Tahlilchilar: Tojikistonda rejalangan GES qo'shnilarga ham foyda


Tojikistonda Rog’un GESi loyihasi atrofida bahs-munozara davom etmoqda.

Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektrostansiya bo’lishi rejalangan inshoot uchun 3 milliard dollar sarmoya kerak.

Biroq loyiha qo’shni davlatlar o’rtasida katta janjalga zamin hozirlamoqda.

Tojikistonning Vaxsh daryosi yuqori qismida qurilayotgan Rog’un GESi mamlakat poytaxtidan 110 kilometr uzoqda bo’lib, uning proyekti qariyib 40 yil muqaddam Toshkentdagi loyihalash markazida ishlab chiqilgan.

GES qurilishi sho’rolar davrida Moskva nazoratida bo’lgan. Xususan, 325 metrlik to’g’on qurish rejalangan. Biroq Rossiya loyihani moliyalash fikridan qaytgan.

Ruslarning va’dasi amalga oshavermagach, Tojikiston hukumati o’tgan yili o’z kuchi bilan qurilishni boshladi. Hozir u yerda tunu-kun ish olib borilmoqda. Ammo bu qurilish ortida, tahlilchilar fikricha, katta geosiyosiy o’yin ketmoqda.

Tojik tahlilchisi Sunnat Nabiollohning aytishicha, aslida bu GES qurilishidan Markaziy Osiyo davlatlari birdek manfaatdor.

“Qurilish nafaqat Markaziy Osiyo, balki Afg’oniston va Pokistonning energetik xavfsizligini ta’minlashi mumkin. Butun jahon mamlakatlari, jumladan, Yevropa Afg’onistonda tinchlik o’rnatishdan manfaatdor. Mana shu Tojikistondagi arzon elektr energiya zaxiralari bu mamlakat iqtisodiyotini oyoqqa turg’azishi mumkin bo’ladi”, - deydi Nabiolloh.

Ammo “Yoshlar va tamaddun” jamoatchilik tashkiloti rahbari, huquqshunos Abdusamad Sultonov bu masalada Rossiya tutgan o’rinni ochiq qoralaydi.

“Rossiya hukumatining ikkiyuzlama siyosati ko’p hollarda namoyon bo’lmoqda. Dmitriy Medvedev Toshkentga kelganda bir gapni aytsa, Moskvaga qaytib, boshqa gapni aytmoqda. Bundan ma’lum bo’ladiki, ruslar vaziyatga qarab fikrlarini tezda o’zgartiraveradi. Ular ishonchli va strategik sherik bo’la olmaydi. Ular Rossiya uchun foydali paytda o’z hamkorlarini sotib yuborishi yoki unga xiyonat qilisi mumkin”, - deydi Sultonov.

Gidroinjener Mo’yinsho Muhabbatov Tojikiston hukumati yirik GESlar qurilishi uchun xalqaro konsorsium tashkil etishni rejalagan, deydi. Ya’ni loyihada boshqa davlatlar ham qatnashishi mumkin.

“Masalan, “Siemens” kompaniyasi Rog’un uchun 1 milliard dollar taklif etgan. GESlar qurilishi haqidagi munozaralar asossiz. Chunki 1995-yildayoq Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida Nukus shahrida o’tgan yig’inida suv resurslariga doir eski shartnomalar kuchda qoladi deb kelishilgan edi”, - deydi Muhabbatov.

Lekin Sultonovning aytishicha, bu muhim masalaning ijobiy hal etilishida asosiy buzg’unchi Rossiyadek ko’rinadi. Uning fikricha, Rossiya 1990-yillardan boshlab Tojikistondagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni izdan chiqarishga harakat qilmoqda. “Zero Rossiya bundan manfaatdordir”, - deydi Sultonov.

“O’zbekistonning bu qurilishda ishtiroki qanday bo’lishini vaqt ko’rsatadi. Yana kim bilsin? Bunga Moskva muhim hissa qo’shadimi yoki Toshkentmi? Ammo tojik xalqi uchun GESlar qurilishida boshqa davlatlarning beg’araz va sidqidildan ishtirok etishlari muhimdir”, - deydi Nabiolloh.

XS
SM
MD
LG