Breaking News

Obama Afg'oniston bo'yicha strategiyasini e'lon qilish arafasida


Prezident Barak Obama yaqin kunlarda AQShning Afg’oniston bo’yicha yangi strategiyasini e’lon qiladi. Reja hozircha nimadan iborat ekani noma’lum.

Shunisi aniqki, strategiya harbiy va noharbiy mutaxassislar, NATOdagi ittifoqchilar hamda Pokiston va afg’on rasmiylari bilan maslahatlashgan holda tuzilgan.

Afg’onistonda ekstremistik kuchlarni yengib, urushlardan qaqshagan bu mamlakatni tiklash nima talab qiladi? Obama ma’muriyati lom-mim demaydi. Biroq suhbat-intervyulardan yangi strategiyaning ayrim jihatlarini ilg’ab olish mumkin.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts so’zlariga ko’ra, “Afg’onistondagi missiya kamida - Tolibon harakatining hokimiyatga qayta kelishi va natijada mamlakat Al-Qoida kabi guruhlar qarorgohiga aylanishini bartaraf etishdan iborat. Qisqa va uzoq muddatli maqsadlarni hoziroq belgilab olmoq lozim.”

Geyts nazarida terrorizmga qarshi urushda g’alaba bu – miqdor-me’yorga ega bo’lmagan mavhum bir tushuncha. Koalitsiya qo’shinlari zimmasiga 3-5 yil oralig’ida amalga oshirsa bo’ladigan aniq, konkret maqsadlar yuklanishi lozim.

Ya’ni, deydi Geyts, afg’on armiyasini kuchaytirish, xorijiy qo’shinlarni ko’paytirib prezident saylovlarining osuda o’tishini ta’minlash, Hamid Karzay hukumatiga moliyaviy ko’makni oshirish va korrupsiya ildiziga bolta urish.

Afg’oniston bo’yicha yangi strategiyada Tolibonning mo’tadil a’zolari bilan muzokaraga ham joy ajratilgan ko’rinadi. Prezident Barak Obama fikricha Iroqda ijobiy natija bergan bunday usul Afg’onistonda ham ish berishi mumkin. Vazir Robert Geyts yaqinda NATO anjumanida masalaga biroz oydinlik kiritdi.

“Afg’onistonda tinchlik yo’lida oxir-oqibat murosa qilishga to’g’ri keladi deb doimo ta’kidlaganmiz. Muzokara hukumat qo’ygan talab-shartlar asosida o’tsa va isyonchilar qurolini topshirishga ko’nsa biz bu taklifga ochiqmiz”, - deydi AQSh mudofaa vaziri.

Harbiy strateglar esa muzokaraga kirishishdan avval harbiy ustunlikni qo’lga olishni tavsiya qiladi. Prezident Obama shu niyatda Afg’onistonda askar sonini 50 foizga oshirishga ko’rsatma bergan. Ayni paytda butun e’tibor ekstremistlar makoniga aylangan afg’on-Pokiston chegarasida.

“Afg’onistondagi vaziyat bevosita qo’shni Pokistondagi jarayonlarga bog’liq. Yangi strategiyada mintaqaviy hamkorlikka ahamiyat juda baland”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Brayan Vitman.

NATO, Afg’oniston va Pokistonning faol ishtirokida ishlab chiqilayotgan hujjatni Obama kelasi oy Fransiyada, NATO sammitida taqdim etishi kutilmoqda.

“Gap ittifoqchi davlatlarni yangi strategiya ish berishiga ishontira olishda”, - deydi tahlilchi Stiven Payfer. “Obama buni uddalay olsa, NATO a’zolarini missiyaga jalb qilish, qo’shimcha yordam va askar ajratishga ko’ndirish osonlashgan bo’lardi”.

XS
SM
MD
LG