Breaking News

AQSh matbuoti Rossiyaning Markaziy Osiyoga ta'siridan xavotirda


AQSh matbuoti Qirg'iziston hukumatining AQSh harbiylarini "Manas" bazasidan chiqarish qarorini Rossiyaning mintaqadagi jiddiy g'alabasi deya baholamoqda. "Rossiya mintaqaga ta'sirini pulga sotib olyapti" deb yozadi "Chikago Tribyun" gazetasi.

"Bir vaqtlar demokratiya oroli deya tan olingan mamlakat Rossiya ta'sir doirasiga tushib bormoqda" deb yozadi "Chikago Tribyun" Qirg'iziston haqida. Bunga respublikani o'z domiga tortayotgan global iqtisodiy krizis qisman sabab. Rossiya esa bundan foydalanib, nafaqat Qirg'iziston, balki Armaniston va Belarusga ham qarz berib, ular ustidan nazoratni kuchaytirmoqda, deyiladi maqolada.

Bishkeklik siyosiy tahlilchi va sobiq diplomat Mars Soriyevning gazetaga aytishicha, iqtisodiy inqiroz tufayli Qirg'iziston kabi mamlakatlar Rossiyaga "yo'q" deyolmaydi, chunki Rossiyada yarim million qirg'izistonlik mehnat muhojiri bor. Ular mamlakatdan chiqarib yuborilsa, Qirg'izistonning holi voy bo'ladi.

Kreml Qirg'izistonga yordam amerikaliklarni bazadan chiqarish evaziga va'da qilinganini inkor etadi. Bishkekdagi Amerika universiteti professori Shoirbek Jo'rayevning aytishicha, bu Qirg'iziston qarori bo'lmagan. Bakiyev Rossiya asabiga tegishni istamagan. Bundan tashqari, deydi siyosatshunos, pul bo'lmay qolganda, odam ertani emas, bugungi kunni o'ylab ish qiladi.

"Richmond Tayms-Dispatch" gazetasiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Qirg'izistonga demokratik islohotlar va'da qilgan bo'lsa, Rossiya korrupsiya kuchaygan respublikani naqd pul bilan o'z tomoniga og'dirgan.

Kreml tanqidchisi, Karnegi jamg'armasining Moskvadagi sho'basi tahlilchisi Nikolay Petrovning gazetaga aytishicha, Rossiya o'zining Markaziy Osiyo darvozasi rolini himoya qilishga urinmoqda. Buning uchun u katta pul sarflashga tayyor, deydi Petrov.

Qirg'iziston parlamenti tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Erik Arsaliyevning aytishicha, ushbu siyosiy o'yinda Qirg'iziston ikki yirik davlat qo'lida qo'g'irchoqqa aylangan.

Kreml bir necha million dollarlik yordam puli va ikki milliard dollarlik sarmoya va'da qilgan. Davlat xazinasida pul bo'lsa, Qurmanbek Bakiyevning prezident saylovlaridan oldin o'ziga ishonchi ortadi, deydi qirg'izistonlik muxolifatchi Topchubek Turg'unaliyev.

Sarmoyaning katta qismi Qambarota gidroelektrostansiyasini qurishga sarflanadi. Ammo qirg'izistonlik kuzatuvchilarning bundan respublika foyda olishiga ko'zi yetmaydi. Tahlilchi Nur Umarovning "Richmond Tayms-Dispatch" gazetasiga aytishicha, Kreml suv ustidan nazoratni o'z qo'liga olmoqchi. Shunda mintaqa nazorati ham uning qo'lida bo'ladi, deydi u.

"Rossiya avval mintaqani o'ziga iqtisodiy tarafdan bog'lab qo'ymoqchi. So'ng respublikalarning iqtisodiy tobeligidan o'z siyosiy manfaatlari yo'lida foydalanmoqchi," deydi yana bir tahlilchi Marat Qozoqboyev.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, "Manas" qo'ldan chiqarilgach, AQSh va NATOning Afg'onistondagi askarlariga mo'ljallangan yukni yetkazishning muqobil yo'llarini qidirishga zo'r berilgan. Yo'nalishlardan biri Rossiya orqali o'tadi, ammo Kreml uni cheklashi mumkin degan xavotir bor. Qancha ko'p yo'nalish bo'lsa, shuncha yaxshi, deydi AQSh harbiy rasmiylari.

Ulardan biri NATOga a'zo bo'lishga intilayotgan va G'arb himoyasiga muhtoj Gruziya orqalidir. Yana biri Ozarbayjon. Turkmaniston va Tojikiston bilan ham hamkorlik ehtimoli muhokama qilinmoqda.

Pentagon "Manas"dan umidini hali uzgani yo 'q. Yaqin kunlarda Bishkekka AQSh muzokarachilari yo'l olib, uni saqlab qolishga harakat qiladi, deydi Pentagon vakili Jeff Morel.

XS
SM
MD
LG