Breaking News

Istanbulda Jahon suv forumi o'tmoqda


Istanbulda Beshinchi Jahon suv forumi ochildi. Unda 150 mamlakatdan mingga yaqin davlat rahbarlari, atrof-muhit muhofazachilari, tadbirkorlar va olimlar ishtirok etmoqda. Asosiy mavzu - ob-hayotdan unumli foydalanish va uni asrash yo'llarini topish.

Yaqinda chiqqan BMT hisobotiga ko'ra, jahonda suv tanqisligi kuchaymoqda va kelajakdagi mojarolar aynan suv sabab yuzaga kelishi mumkin.

BMT Bosh kotibining suv masalalari bo'yicha maslahatchisi Gerxard Peyenning aytishicha, ushbu muammo iqlim o'zgarishi va suvga talabning oshishidan kelib chiqmoqda.

"Suvni tejash - kollektiv burchimiz. Agar mojarolar bo'lmasin desak, mas'uliyatli bo'lishimiz zarur," deydi BMT rasmiysi.

Suv sabab mojarolar ayniqsa Yaqin Sharqda Isroil va qo'shni davlatlar o'rtasida keskinlashishi mumkin.

Turkiyalik olim Dogan Oltinbilakning aytishicha, Yaqin Sharq suv o'ta tanqis bo'lgan hudud.

"Bu urushga olib kelishi hech gapmas. Buning oldini olish maqsadida Turkiya Yaqin Sharqqa suv sotmoqchi," deydi mutaxassis.

Anjuman davomida yuzlab namoyishchilar suvning xususiylashtirilishiga qarshi namoyish o'tkazgan. Ular nazarida forumdan asosiy maqsad - suvdan tijoriy maqsadda foydalanish.

Shu hafta Istanbulda Jahon suv forumiga muqobil alohida anjuman o'tishi rejalangan. Unda o'nlab nodavlat tashkilotlar ishtirok etadi.

Ulardan birining xodimi Mark Xeysga ko'ra, suvni xususiylashtirish jahonda suv tanqisligiga yechim emas.

"Bu na Latin Amerikasida, na Janubi-sharqiy Osiyoda va na Afrikada ish berdi," deydi u.

XS
SM
MD
LG