Breaking News

AQSh armiyasida ayol zobitlar ko'paymoqda


Amerika armiyasi uch millionga yaqin xodimga ega. Ularning yarmi zaxiradagi harbiylar.

Davlat byudjetidan armiya uchun har yili o’rtacha 700 milliard dollar mablag’ ajratiladi.

Askarlarning aksariyati 17-45 yosh orasidagi fuqarolar.

Keyingi yillarda Amerika qurolli kuchlari safida xotin-qizlar soni ko’paygan. Hozirda ular armiyaning 20 foizini tashkil etadi.

Zobitlarga taklif qilinayotgan imtiyozlar va mudofaa tizimida turli soha egalariga talab oshgan sari ayollar orasida harbiylikka qiziqish ortib bormoqda.

Yaqinda Amerikada harbiy ayollar haqida yangi hujjatli film katta ekranga chiqdi. Rejissyor – taniqli kino ustasi Syuzan Shervud.

“Zobit ayollar xizmatidan juda faxrlanadi. Amerikani mudofaa qilish ular uchun sharaf”,- deydi u.

Film “Armiyadagi ayollar: Tirishqoqlik, Salohiyat va Zarurat” deb ataladi.

Kartina Iroq va Afg’onistonda xizmat qilayotgan xotin-qizlar haqida hikoya qiladi.

“Ajoyib insonlar. Shu qadar qobiliyatli, shu qadar kuchli, shu qadar vatanparvar”,- deydi Syuzan Shervud.

XX asrgacha AQSh armiyasida ayol zoti deyarli bo’lmagan. Hamshira, oshpaz va kir yuvadiganlarni hisobga olmaganda. Ayrim ayollar erkak qiyofasiga kirib jang qilgani ma’lum.

Ikkinchi Jahon Urushida ilk bor ayol zobitlar xizmatga kirgan. Lekin ko’pi idora va gospitalda ishlagan.

Hozir ham ular ko’pchilik emas. Ular qonli jang maydonlariga qo’yilmaydi, ammo ayollarni xavfsizlik sohasining deyarli barcha jabhalarida uchratasiz. Xususan, maxfiy xizmatda.

Yangi hujjatli film armiyada ayollar qanday rol o’ynaganini yoritadi.

Iste’fodagi general mayor Jini Xolm Ikkinchi Jahon Urushida faol xizmat qilgan. Armiyada eng yuqori pog’onaga ko’tarila olgan birinchi ayol. Harbiy xizmatda ayollarga talab katta, deydi u.

"Davlatimiz urushga kirgach, harbiy xizmat biz uchun sharaf deb qaraganmiz. Hamma bunga burch deb qaragan, vatan oldidagi burch",- deydi general.

Vernis Armur – harbiy uchuvchi. Armiyaga 2001 yilda qabul qilingan. Ungacha havo kuchlarida u singari afro-amerikalik ayol bo’lmagan.

“Buvim o’zingga ishonsang, har narsa qila olasan der edi”,- deydi uchuvchi.

General Vilma Vot ham Amerika armiyasida eng tanilgan zobitlardan biri. Uning tashabbusi bilan harbiy ayollar sharafi uchun yodgorlik o’rnatilgan.

“Har yiliminglab qizlar armiya safiga kirayotganiga guvohmiz. Demak armiyamiz o’zgaradi. Ayollar uni yanada mustahkamlasa ajabmas",- deydi general.

Bu harbiy ayollarning hammasi bosh qo’mondon, ya’ni prezident ham bir kun kelib ayol bo’lar degan umidda. Hozircha esa vaziyatdan nolishayotgani yo’q.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG