Rossiya Afg'onistonga yordam bermoqchi, biroq Kremlga ishonch past


Yaqinda prezident Hamid Karzay va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamkorlikni kengaytirish masalasida gaplashgan.

Sharhlovchilar fikricha, Kremlning pozitsiyasi Afg`oniston barqarorligiga xizmat qilmaydi.

Sharhlovchilar fikricha, Rossiya Afg`onistondagi harbiy amaliyotlarda bevosita ishtirok etmayotgan bo`lsa-da, mintaqa davlatlarining bu boradagi harakatlarini nazorat qilishga harakat qilmoqda.

Qirg`izistondagi “Manas” aerdorimidan AQSh harbiylarini chiqarish qarori ortida asosan Rossiya turganligi ta`kidlanadi.

Sergey Lavrov Afg’onistonga tashrifi chog’ida Rossiya NATOning noharbiy yuklarini o`z hududidan o`tkazadi, degan.

Afg’onistondagi amaliyotlar uchun mo’ljallangan bu yuk temir yo`l orqali Latviya, Rossiya, Qozog`iston va O`zbekistondan o`tadi.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov noharbiy yuklarni Afg`onistonga tranzit qilishga rozilik bildirgan. Bu boradagi hamkorlikda davlatlar bloklar emas, o`z manfaatidan kelib chiqishi lozim, deydi u.

Sharhlovchilar fikricha, Karimovning bu iddaolari Rossiya yetkachiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qaratilgan.

So’nggi paytda Rossiya hududidan o`tuvchi “Shimoliy” yo’nalish bilan birga Kavkaz orqali o’tuvchi trazit yo’li ham muhokama qilinmoqda.

Kavkaz davlatlari va Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyo temir yo`llariga bog`lanishi taxmin qilinayotgan bu yo`l Rossiyani chetlab o`tadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Gruziya va Ozarbayjon hukumatlari Kavkaz tranziti bo`yicha rozilik bildirgan.

AQSh diplomatlari izohiga ko`ra, Kavkaz yo`nalishidan ham faqat noharbiy yuklar yetkazishda foydalaniladi.

AQSh bazasi Qirg`izistondan chiqarilgach, xalqaro qo`shinnni ta`minlash murakkablashgan.

“Markaziy Osiyoda boshqa harbiy baza ochish yoki Termizdagi aerodrom imkoniyatlarini kengaytirish haqida gap borayotgani yo’q. Faqat Afg’onistonga noharbiy yuk o`tkazish haqida gap borayapti, xolos. To`g`ri, keyingi paytda AQSh Gruziyada yoki Turkiyada harbiy baza ochishi mumkinligi haqida gapirilmoqda. Biroq Gruziyadagi vaziyat beqarorligini inobatga olsak, bu unchalik to`g`ri bo`lmasa kerak. Turkiya hukumati esa bu borada biror munosabatini bildirmagan”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Ma’lumotlarga ko’ra, Gruziya hukumati AQSh harbiy bazasining mamlakatda joylashishiga qarshi emas.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida Kavkaz yo`nalishi muhim ahamiyat kasb etadi.

“Rossiya AQSh bazasini chiqarish uchun Qirg’izistonga bosim o`tkazdi. Bu bilan Afg`oniston bilan bog`liq vaziyatda o`zgarish qilishi mumkinligini ko`rsatdi. Rossiyaning bunday “kaprizlariga” bog’lanib qolmaslik uchun alternativ yo`nalish juda muhim. Yo`lning boshqa qismida muammo yo`q, lekin Rossiya bilan bog`liq qismida muammo chiqishi ehtimoldan holi emas. Bu NATOdagilarga yoqmagan”, - deydi siyosatshunos.

Sharhlovchilar nazarida Afg`oniston bo`yicha hamkorlik qilishda vaziyatni barqarorlashtirish pozitsiyasidan ema,s ko`proq geosiyosiy manfaatlar yuzasidan yondashish kuchaygan.

XS
SM
MD
LG