Breaking News

Afg'onistonda prezident saylovlari oldidan xavotir


Afg’oniston masalasi AQSh tashqi siyosatidagi ustuvor mavzulardan biriga aylangan.

Mamlakat tinchligi va taraqqiyoti uchun maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. Tez kunda Afg’onistonga qo’shimcha askar jo’natiladi.

Prezident Hamid Karzay bu e’tiborni olqishlasa-da, “AQSh bu ishni yetti yil oldin boshlashi kerak edi” deydi. Karzay 2002 yildan beri yordam so’rab kelayotganini ta’kidlagan.

BMT rasmiylari Afg’onistonda prezident saylovlarini xavotir bilan kutmoqda. Saylov tinch o’tishi uchun siyosiy muvozanat, tinchlikni ta’minlash kerak, deydi ular. Karzayning prezident saylovlarida qatnashish-qatnashmasligi hozircha noma’lum.

Afg’onistonda prezident saylovlari avgust oyida, kunlar isib, jangarilarga jon kirgan pallada o’tadi. BMT rasmiysi Kay Eyde fikricha, hukumat va muxolifat murosa qilishi kerak. Busiz tinchlik qaror topishi qiyin. O’tmishda yo’l qo’yilgan xatoni takrorlamang, deydi rasmiy.

Saylov oldidan siyosiy adovat va tushunmovchilik urushni avj oldiradi. “Afg’on xalqi o’z ishini biladigan, mustahkam hukumatga muhtoj”, - deydi Kay Eyde.

22 mayda prezident Hamid Karzayning xizmat muddati tugaydi. 20 avgustda esa saylovlar. Mana shu uch oy ehtiyot bo’lish kerak, deydi mutaxassislar. Afg’onistonda muxolifat saylovlar ochiq va adolatli o’tishiga shubha bilan qaramoqda.

BMT jarayonda faol qatnashib, uning xalqaro andozalar asosida o’tishini ta’minlashga va’da bermoqda. “Bu afg’on xalqining ishonchi va e’tiborini qozonish uchun zarur”, - deydi Kay Eyde.

Rasmiyning aytishicha, Afg’onistonda adliya va xafvsizlik tizimi, vazirlik va mahalliy boshqaruv idoralarini qayta qurish kerak. Mahalliy xalq mamlakat hayotida bevosita qatnashishi, buning uchun esa ilg’or davlatlar tajribasi kerak, deydi u.

Joriy oy oxirida Afg’oniston borasida ikki xalqaro amjuman o’tadi. Moskvadagi sammitda terrorizm, qoradori savdosi va uyushgan jinoyatchilikni yengish muhokama qilinadi. Gaaga konferensiyasida esa siyosiy, mudofaa va taraqqiyot loyihalari ko’rib chiqiladi.

XS
SM
MD
LG