AQShning keksa arboblari Medvedev bilan muloqotdan mamnun


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev AQSh bilan ziddiyatni tugatishga tayyor. Medvedev Moskvada Amerika sobiq davlat kotiblari Genri Kissinjer va Jeyms Beyker bilan uchrashgan.

Kissinjer Medvedev bilan muloqotdan mamnun va qator mavzularda tomonlar fikri bir ekanini aytmoqda. Rossiya va Amerika prezidentlari tez kunda Londonda, 20 davlat rahbarlari sammitida uchrashadi.

NATOning sharq tomon kengayishi, Gruziya bilan urush, AQShning Yevropada mudofaa tizimi o’rnatish rejasi - Amerika-Rossiya aloqalarini taranglashtirgan omillar deb ko’riladi.

Sobiq Sovet Ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachev fikricha Qo’shma Shtatlar Rossiyaga nisbatan sabr-bardoshli bo’lishi kerak. “Rossiyada albatta demokratiya qaror topadi”, - deydi Gorbachev, bu mamlakatga nisbatan tanqidlarga javoban.

Vashingtonda o’tgan biznes anjumanda sobiq rahbar Sovet Ittifoqi qulashiga olib kelgan omillar, Vashington-Kreml munosabatlari hamda Rossiya oldidagi maqsad-vazifalarga to’xtalgan.

“Qo’shma Shtatlar umid va o’zgarish yo’lini tanlagani rost bo’lsa, tashqi siyosatida katta o’zgarishlar kutyapmiz”, - deydi u.

Gorbachev Rossiyani “rivojlanayotgan demokratiya” deb ta’riflab, mamlakatning aggressiv tashqi siyosatini ma’qullaydi. Uning fikricha AQSh Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgan davlatlarga, xususan Ukraina va Gruziyaga NATOga a’zolikni taklif qilib, Rossiya bilan ziddiyatga bormasligi kerak.

Barak Obamaning hokimiyatga kelgani aloqalarni yangilash uchun noyob imkoniyat, deydi Gorbachev.

XS
SM
MD
LG