Eron ulamolari Obamaga ishonmayapti


Eron oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xamenei Barak Obamaning aloqalarni yangilash chaqirig'ga shubha bilan qaramoqda. Kecha Mashhadda ma'ruza qilgan shia ulamoga ko'ra, AQSh o'zgarishlarni shior qilib olishiga qaramay, AQSh-Eron munosabatlarida real o'zgarish kuzatilmayapti.

"Quruq gapning keragi yo'q. Ammo gapning o'zida ham o'zgarishni sezmadik. Oldin Amerikaning o'zi o'zgarishi zarur. Aks holda Xudo va dunyo uni o'zgartiradi," deydi Xamenei.

Obama diplomatiya haqida so'zladi, ammo AQShning Eronga nisbatan adovatga to'la munosabatida qanday o'zgarish ro'y berdi, deya savol beradi u.

"Agar o'zgarish ro'y bergan bo'lsa, isboti qani? Eronning AQShda muzlatilgan bank hisob raqamlari tiklandimi? Eronga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilindimi? AQShning Isroilga yordami to'xtadimi? Nima o'zgardi?" deya Obamaga murojaat qiladi Eron diniy rahnamosi.

Londondagi Arab va Eron markazi direktori Ali Nurizoda ikki davlat munosabatlarida biron o'zgarish bo'lishiga shubha bildiradi.

"Obama Eron pulini unga qaytarganda ham, Iroq va Afg'onistondan barcha qo'shinlarini olib chiqqanda ham, Eronning Yaqin Sharqdagi ahamiyatini tan olgan taqdirda ham, Xamenei muloqot qilmaslik uchun boshqa bir bahona o'ylab topadi. Chunki Erondagi tuzum "Amerikaga o'lim" shiori tufayligina hokimiyat tepasida turibdi," deydi tahlilchi.

Yaqin Sharq bo'yicha yana bir mutaxassis Mayr Javodanfarning aytishicha, rasmiy Vashington qator masalalar bo'yicha murosa qilmas ekan, ikki tomonlama aloqalarda o'zgarish bo'lmaydi.

"Agar Amerika Eronga uning yadro dasturiga teng yoki undan afzal biron narsa taklif qilsa, rasmiy Tehron uni ko'rib chiqishi mumkin. Eron mintaqadagi siyosat bo'yicha u bilan maslahat qilishlarini istaydi. Xoh harbiy operatsiya bo'lsa, xoh tinchlik jarayoni bo'lsin," deydi Javodanfar.

Har ikkala tahlilchining tan olishicha, Obama Eron bilan bevosita muloqotga rozi bo'lib, niyati xolis ekanini namoyish etdi. Obamaning jahonda obro'si katta. Eronliklar hurmatini qozona oldi.

XS
SM
MD
LG