Afg'oniston NATO kelajagini hal etishi mumkin


NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqiga kiruvchi davlatlar rahbarlari 3-4 aprel kunlari bir davraga yig’ilganida asosan Afg’oniston haqida gaplashadi.

Alyans bu mamlakatda tinchlikni ta’minlash vazifasini o’z zimmasiga olganiga ikki-yarim yil bo’ldi, ammo barqarorlikdan darak yo’q.

Tahlilchilar nazarida NATO bugun ancha o’zgargan. Bunda Afg’onistondagi harakatlarning roli katta bo’ldi.

Ikkinchi Jahon Urushidan keyin vujudga kelgan NATO uzoq yillik urushlardan tinkasi qurigan Afg’onistonda xavfsizlikni tiklab, nimaga qodir ekanini isbotlashi kerak edi.

Eng yirik a’zosi Amerikaga yordam berib, harbiy hamkorlik bobida o’rnak bo’lmoqchi edi.

Biroq o’tgan ikki-yarim yil buning aksini namoyon etmoqda. Afg’onistonda Tolibon va Al-Qoidaga qarshi kurashga hamon AQSh boshchilik qilyapti, harbiy harakatlarni asosan uning qo’shini amalga oshirmoqda.

NATO xorijda urush olib borish naqadar mushkul ekanini tushunib yetdi va salohiyatini mustahkamlash ustida o’ylanmoqda, deydi britaniyalik siyosiy sharhlovchi Salli Maknamara (Sally McNamara).

“NATO ayrimlar bashorat qilayotganidek o’lgan ittifoq emas. Tashkilot bugun katta muammolar bilan kurashmoqda. Lekin hali kuchini yo’qotgani yo’q”,- deydi olima.

“Gap shundaki, NATO o’z a’zolarini xavfdan himoya qilish uchun tuzilgan va shunga moslashgan. Afg’onistondek murakkab va notanish jamiyatlarda urush olib borish uning missiyasiga kirmaydi. NATO AQShga yordam sifatida bu urushga bosh qo’shdi va ancha saboq oldi”,- deydi Salli Maknamara.

Ammo, deya qo’shadi mutaxassis, Yevropa Afg’onistonda terroristlarga qarshi kurashdan manfaatdor ekanini ham unutmasligi kerak. Ekstremizmni yengish Yevropaga nisbatan tahdidni bartaraf etish bilan barobar, deya fikrlaydi bu tahlilchi.

Afg’onistondagi urushda g’alaba qozonish uchun NATOdan ko’proq harbiy kuch talab qilinmoqda. A’zolarning esa bunga qurbi yetmayapti. Yetganlari esa jang maydoniga o’z zobitlarini yaqinlashtirmoqchi emas. Qolaversa Yevropada jamoatchilik har qanday urushga va unda qatnashishga qarshi.

AQSh alyansdan umidini uzmagan, ammo bugungi vaziyatdan norozi, deydi Mudofaa vaziri Robert Geyts (Robert Gates).

“Bu ittifoqdagi davlatlar va ularning armiyalari ezgu maqsadda ekanini bilamiz. NATOning Yevropadagi a’zolari ikki milliondan oshiq harbiyga ega. Lekin Afg’onistonga bir necha ming askar va bir necha vertolyot yuborishga qurbi yetmayapti”,- deydi Geyts.

Amerikada bugun siyosatdonlar nahotki NATO shu qadar sust va ilojsiz deya hayron bo’lar ekan, tashkilot uning zobitlari Afg’onistonda tinch hududlarda xizmatga tayyor ekanini bildirmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri fikricha esa NATO ildamroq harakat qilmasa, safsata sotadigan idora bo’lib qoladi.

“Mayli”,- deydi u, “harbiy sohada bo’lmasa, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda yordamni oshiring”. Afg’onistonda tinchlikni ta’minlashning bir yo’li bu hayotni yaxshilash, xalqqa yordam berish.

“NATO Afg’onistonda boshqaruv tizimlarini mustahkamlash, xavfsizlik xodimlari malakasini oshirish, iqtisodiyotni qayta tiklash va boshqa yana ko’plab sohalarda ko’maklashishi mumkin”,- deydi Robert Geyts.

Tashkilot bunga rozi. Ijobiy holat, deydi harbiy tahlilchi Gans Bennendiyk (Hans Bennendijk), lekin NATO asosan tinchlik posboni emasmi?

Alyans insonparvarlik ishlariga berilib, missiyasini unutib qo’yayapti deya tashvishlanayotganlar ko’p.

“NATOning diqqat markazi Yevropa, AQSh va Kanada. Bu tashkilot avvalo o’z hududini xavfdan asrashi kerak. NATOning asosiy maqsadi shu emasmi”? – deya so’raydi Bennendiyk.

Stiven Payfer (Steven Pifer), AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi nazarida, Barak Obama istasa NATOni kuch-g’ayratga to’ldira oladi.

“Agar Obama NATOga aniq takliflar bilan murojaat qilsa, mana shu muddat ichida mana shu maqsadlarga birgalikda erisha olamiz deya ishontira olsa, Afg’onistonda ishni eplash mumkin.

NATOning kengayish rejalari bilan bog’liq muammolar va o’zaro kelishmovchiliklar bugunning eng muhim masalalari emas, deydi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan mutaxassislar.

Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, deydi ular, Afg’onistondagi murakkab holatdan chiqa olsa, hayotiy sinovdan o’tgan bo’ladi. U dunyo tinchligi uchun zarur tashkilot ekanini isbotlagan bo’ladi.

XS
SM
MD
LG