Breaking News

AQSh banklarni jonlantirish uchun yangi reja qo'llamoqda


Obama ma'muriyatining yangi dasturiga ko'ra, banklarga to'planib qolgan qarzlardan qutulishga yordam beriladi. AQSh hukumati bunga xususiy sektorni jalb qilib, unga imtiyozli kreditlar taklif qilmoqda.

Moliya vaziri Timoti Geytner muallifligida tuzilgan ushbu rejadan maqsad - bank tizimini naqd pul bilan ta'minlab, aholiga kredit liniyalarini qayta ochib berish.

Geytnerning aytishicha, hukumat ushbu rejani amalga oshirish uchun zarur mablag' ajratishga tayyor.

Rejaga qancha pul ketishi hali hisob-kitob qilinmagan. Ammo so'nggi olti oy ichida hukumat to'lanmagan kreditlarni bartaraf etish maqsadida 700 milliard dollardan ziyod pul sarflagan. Geytner dasturi qimmatbaho qog'ozlar bozorida ijobiy qabul qilinib, aksiyalar bahosi deyarli 7 foizga ko'tarilgan.

Tahlilchilarga ko'ra, agar Geytner rejasi kutilgan natija bermasa, banklarni qisqa muddatga davlat tasarrufiga o'tkazishdan o'zga chora qolmaydi.

"Ammo bungacha yetib bormaydi degan umiddaman," deydi moliya vaziri, "chunki hukumatda banklarni boshqarish tajribasi yo'q."

Geytnerga ko'ra, uning rejasi moliya bozorlariga ta'sir qilishi uchun bir necha hafta kerak bo'ladi. Moliya tizimini isloh qilish zarur, deydi u.

"Hozirgi tizim o'ta nozik bo'lib, shokka bardosh bera olmadi," deydi AQSh moliya vaziri.

Bugun Geytner va Markaziy Bank raisi Ben Bernanke Kongressdagi tinglovda bu va boshqa masalalar yuzasidan savollarga tutilgan.

XS
SM
MD
LG