Breaking News

Yoshlar va zamon: Tojikiston misolida


Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda 7 milliondan oshiq aholiga ega Tojikistonda 300 mingdan ziyod fuqaro oliy ma'lumotli.

Ayrim tahlilchilar fikricha bu rivojlanayotgan mamlakat uchun maqtansa arzigulik ko'rsarkich.

Hukumat nazarida respublikada maorif va oliy ta'lim tizimi ancha rivojlangan. Lekin ko'pchilik bu qarashdan yiroq.

Vaqtida ish haqini ololmayotgan o'qituvchilar yoshlar ta'lim-tarbiyasini ko'ngildagidek deb bilmaydi.

Afsuski, deydi ular, yosh avlod ongini maktabda berilgan bilim yoki oila tarbiyasi emas, ko'cha va bozor belgilab bermoqda.

Mastchoh nohiyasidan bo'lgan o'qituvchi Niyozmaxmad Nazriyev fikricha yoshlar bugungi jamiyatni aks ettiradi.

Ziyolilar respublikada o'qitish metodikasi va jamiyat bir-biridan juda uzoq ekanini ta'kidlaydi.

O'zini Obidiy domla deb tanishtirgan mutaxassisning aytishicha ta'lim berish borasida mukammal bir loyiha yo'q. Oqibatda yoshlarning ilm saviyasi past va dunyoqarashi tor.

"Chunki yoshlarning o'qigani boshqa, hayotda ko'rayotgani boshqa. Maorif sohasida juda katta tanazzulga guvohmiz",- deydi domla.

"Bu jamiyatda parokandalik va ishonchsizlikni kuchaytirmoqda. Yaqin 10-15 yilda buni qanday tuzatish mumkinligiga sira aqlim yetmaydi".

Shoir Avliyoxon Eshon esa maktablarda o'quvchilar mustaqil fikrlashga o'rgatilmayotganidan xavotirda.

"Bolalarni bir qolipda fikrlashga o'rgatish jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilmaydi",- deydi u.

Maoshini o'z vaqtida olmayotgan minglab o'qituvchilardan biri Erali Jiyanboyev nazarida yoshlarning turli diniy oqimlarga kirib ketayotganida maktabni ayblash noto'g'ri.

"Bu har kimning e'tiqodi va oilasidagi avholga bog'liq. Oilada agar ota-ona o'zi to'g'ri tarbiya topgan bo'lsa, o'zi bir to'g'ri oqimda bo'lsa, bola hech qachon chetlab ketmaydi",- deydi Jiyanboev.

Boshqalar nigohida esa yoshlar imkoniyatsizlik, ishsizlik va o'qish uchun pul topa olmagani sabab ham radikal guruhlarga ergashmoqda.

Ota-onaning topgani tirikchilikka yetmas ekan, bolalar ham xurjun osishga majbur.

Tojikiston Islom Uyg'onish Partiyasi yoshlar bilan ishlash bo'limi xodimlaridan biri deydiki, hukumat hozir gigant qurilishlar haqida emas, kelajak avlod haqida ko'proq qayg'urishi kerak.

"Hozir prezident rahbarligidagi partiya o'zini go'yo yoshlar bilan juda a'lo darajada ishlayotgandek ko'rsatadi",- deydi u.

"Vaholanki, oliy ma'lumotli yoshlar Rossiyada mardikorchilikda yurishibdi. Ularning vatan kelajagiga ishonchi past",- deydi islomiy partiya vakili.

Tojikistonda 2009 yil Imomi A'zamni ulug'lash yili deb e'lon qilingan.

"Mamlakatimiz sarvarining Imomi A'zam tavalludining 1310 yilligini nishonlash haqidagi o'z vaqtida chiqargan farmoni turlicha diniy oqimlarning rivojlanishini oldini oladi",- deydi tojik o'qituvchilaridan biri.

"Chunki yoshlarimiz dinda mazhablarni farqlay olmasdi. Mazhablar haqida tushunchalar yoshlar orasida deyarli yoq edi. Ular endi kimning va nimaning orqasidan borishlarini anglab oladilar".

Shoir Avliyoxon Eshon esa diqqatni adabiyotga qaratish kerak degan fikrda.

"Adabiyot kuchli bo'lsa, jamiyat ham o'shanga qarab borad. Hozir esa buni ko'rmaymiz. Agar jamiyat adabiyotni bosib turgan bo'lsa, hech qanday ta'lim-tarbiya to'g'risida so'z bo'lishi mumkin emas,- deydi shoir.

Nafaqat Tojikiston balki butun Markaziy Osiyo bo'ylab yuqordagi holat kuzatiladi.

Tez-tez tilga olinadigan muammolar: qimmatchilik; ota-onaning farzandni o'qitishga puli yetmaydi; darsliklar sifati past, bori ham qimmat; maktablarning o'qitish saviyasi tushib ketgan; poraxo'rlik; zo'ravonlik; muallimlarga hurmat yo'qolgan; yoshlar bebosh; ota-ona tarbiya bermaydi; ilmning qadri tushib ketgan; hukumat ta'lim sohasiga yetarlicha mablag' ajratmaydi; qishloq maktablariga deyarli e'tibor yo'q; yoshlarni birlashtiradigan mafkura yo'q va hokazo.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG