Afg'oniston tinchligi mintaqa taraqqiyoti uchun muhim


Kelayotgan juma Moskvada Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Afg’onistonga doir xalqaro konferensiya o`tkazadi.

Anjumanda Afg’onistondagi koalitsiya qatnashchilari, xususan, AQSh rasmiylari qatnashishi kutilmoqda.

ShHT Bosh kotibi Bulat Nurgaliyevning aytishicha, konferensiyada Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish yo’llari, hukumatga ko’mak ko’rsatish, mintaqa xavfsizligi kabi masalalar muhokama qilinadi.

Nurgaliyevning aytishicha, ShHT a’zolaridan birortasi Afg’onistondagi amaliyotlarda bevosita ishtirok etmoqchi emas.

Tashkilotga Xitoy va Rossiyadan tashqari mintaqadan Qozog’izton, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston a’zo.

Yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kobulda bo’lib, afg’on rasmiylarini konferensiyaga taklif qilgan edi.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganovning aytishicha, Afg’oniston bo’yicha hamkorlik haqida ko’p gapiriladi. Uning nazarida mintaqa davlatlari Afg`onistonga doir strategiyani Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yoki Rossiya maslahati bilan emas, o`z manfaatlari asosisa ishlab chiqishi zarur.

“Afg’oniston nafaqat O’zbekiston, balki Tojikiston, Turkmanistonga ham chegaradosh. Demak, bir siyosat olib borilishi juda zarur. Ammo hozirgi voqealarni kuzatsangiz, ayniqsa, Medvedev O’zbekistonga kelgandan keyin, mintaqa davlatlari o`rtasidagi aloqalar yanada keskinlashdi. O`zbekistonning Qirg`iziston, Tojikiston bilan aloqalarini oling”, - deydi Xudoyberganov.

So’nggi paytda O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha qarashlarida biroz o’zgarish kuzatilgandek.

Rasmiy Toshkentning pozitsiyasi haqida Rossiya va Turkmaniston prezidentlarining O’zbekistonga tashrifi paytida ham gapirildi.

Islom Karimov Medvedevning tashrifida Afg`oniston haqida gapirib, asosan e`tiborni xalqaro qo`shinlar harakati samarasiz kechayotganiga qaratdi.

Berdimuhammedov tashrifi chog’ida prezidentlar Afg’oniston tranziti bo’yicha hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi. Islom Karimov bu uchrashuvda Rossiya yetakchiligidagi blok manfaatlariga bo`ysunmaslik zarurati, har bir davlati o`z manfaatlaridan kelib chiqib yo’l tutishi kerakligini aytdi.

Sharhlovchilar Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishi mintaqa uchun nafaqat xavfsizlik, iqtisodiy jihatdan, balki dunyo bozoriga chiquvchi tranzit yo’nalishlar bilan ham juda muhim.

Shunday bo`lgan taqdirda hozirda Rossiya orqali o’tuvchi shimoliy yo’nalishga bog’lanib qolgan mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.

XS
SM
MD
LG