"Ezgulik" jamiyati ustidan tergov-surishtiruv boshlangan


O’zbekistonda rasman ro'yxatdan o'tgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati ustidan tergov boshlangan.

O’zbekiston huquq-tartibot organlari rasmiylarining aytishicha, “Ezgulik” tarqatgan xabarlar ustidan fuqarolar shikoyati ko’paygan.

Prokuratura va IIB vakillari shu asosda “Ezgulik” ofisida va jamiyat rahbari Vasila Inoyatovaning uyida surishtiruv o’tkazgan.

“Ezgulik” a’zolarining so’zlariga ko’ra, so’nggi paytda jamiyat tomonidan huquq-tartibot organlarida korrupsiya holatlariga doir bir necha ma'lumot tarqatilgan. Tekshiruv shu bilan bog`liq bo`lishi mumkin.

Chilonzor tumani Ichki ishlar boshqarmasi esa “Ezgulik” jamiyati ustidan 4-5 fuqaro shikoyat arizasi yozganini bildirgan.

Inoyatovaning aytishicha, “Ezgulik” jamiyati ustidan surishtiruv inson huquqlari faollariga ko’rsatilayotgan yana bir bosim.

“Chilonzor prokuraturada shu bo`yicha ish ochilgan, lekin hozir qanaqa modda, nima ayblar bo`laypti - bu haqda ma`lumot berilmadi. Aslida bu oldindan rejalangan, chunki kimni agar bartaraf etish kerak bo`lsa, shunday tagi puch bahonalar bilan ish ochishadi. Samarqandda Komiljon Ashurov ustidan ham centrasia.ru saytida chiqqan maqolasi uchun boshiga katta ishlar solishgan. Jarimaga tortib, huquq himoyachisi sifatidagi faoliyatiga bolta urishgan edi”, - deydi Inoyatova.

“Ezgulik” tarqatgan so`nggi xabarda Toshkent shahar IIB sobiq amaldorlaridan biri jinoiy ishni yopish uchun yuqori lavozimda turgan hamkasblariga, prokuratura xodimlariga, sudyalarga advokatlar yordamida pora bergani aytilgan.

Vasila Inoyatova Chilonzor tuman prokuraturasiga va Sobir Rahimov tuman Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirtirilgan. Biroq tergovga rasman chaqiruv qog`ozi berilmagan.

Yaqinda andijonlik keksa yoshli jurnalist va yozuvchi Kushodbek Usmonov bezorilikda ayblanib, 6 oyga qamalgan.

Usmonovning yaqinlari jinoiy ish jurnalistning huquq-tartibot organlari xodimlari faoliyati haqida tanqidiy maqola e’lon qilgani bilan bog’liq, demoqda.

Ayni paytda hibsda saqlanayotgan yana bir mustaqil jurnalist Dilmurod Sayid ustidan tergov-surishtiruv ishlari ketmoqda. Pora talab qilishda ayblanayotgan jurnalistning salomatligi og’irlashgan.

“Dilmurod aka hibsga olingan kungacha turli idoralarga arizalar jo’natgan bu ish bo`yicha, fotolavhalarni ilova qilib. Pul so’raydigan odam arizalarni to`xtatib, murosa qilishga o`tadi. Bu hammasi uning tanqidiy chiqishlari, jurnalistik faoliyati bilan bog’liq”, - deydi jurnalistning turmush o’rtog’i Barno Jumanova.

XS
SM
MD
LG