Obama Afg'oniston bo'yicha strategiyani e'lon qildi


Bugun Barak Obama AQShning Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasini e'lon qildi. Unda mintaqaviy diplomatiyadan kengroq foydalanish, askarlar sonini oshirish va afg'on armiyasini kengaytirish maqsadida harbiy mutaxassislarni Afg'onistonga yuborish ko'zda tutilgan.

Obamaning aytishicha, strategiyaning asosiy maqsadi al Qoida va unga hamkor guruhlarni yakson qilish, Pokistondagi bazalarini yo'qotish va Afg'onistonda jonlanishining oldini olish. Bu maqsadga harbiy kuch, diplomatiya va iqtisodiy taraqqiyot orqali erishish mumkin, deydi u.

AQSh rahbari buning uchun BMT bilan hamkorlikda maxsus aloqa guruhi tuzilib, unga mintaqa davlatlari, NATO a'zolari, Markaziy Osiyo respublikalari, Yaqin Sharq mamlakatlari, Eron, Rossiya, Hindiston va Xitoy jalb qilinadi deydi.

Yangi strategiyaga muvofiq, Afg'oniston armiyasini tayyorgarlikdan o'tkazish uchun AQSh mamlakatga 4 ming mutaxassis jo'natadi. Bu jangovar operatsiyalar uchun yuborilayotgan 17 ming askarga qo'shimcha tarzda. Rejaga ko'ra, oktyabr oyigacha AQSh harbiylari soni 59 mingni tashkil etadi. Qo'shma Shtatlar 2011 yilgacha Afg'oniston armiyasi sonini 134 mingga, politsiyasini esa 82 mingga yetkazishga yordam beradi.

Bundan tashqari yuzlab iqtisodiy, qishloq xo'jaligi va adliya sohalari mutaxassislari ham yordam sifatida safarbar etiladi.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, taraqqiyot - Afg'onistondagi muvaffaqiyat zaminidagi muhim omil.

Xillari Klinton va AQShning mintaqadagi maxsus vakili Richard Xolbruk diplomatik harakatlarga zo'r berib, Afg'oniston masalasini turli davlat rahbarlari va rasmiylari bilan muhokama qiladi. AQSh Eron bilan ham bu borada hamkorlik qilmoqchi.

Yangi strategiyada afg'on-Pokiston chegarasi atrofidagi tog'li qabilaviy hududda al-Qoidaga qarshi kurash yo'llari ham tilga olingan. Ma'lumotlarga ko'ra, Osama bin Laden aynan o'sha atrofda yashiringan.

Barak Obama Pokistonda maktablar, yo'llar, kasalxonalar qurish uchun Kongressdan kelasi besh yil davomida bu mamlakatga bir yarim milliard dollardan, jami 7,5 milliard dollar ajratishni so'ramoqda.

Britaniya armiyasi generali Richard Dannatning aytishicha, uning mamlakati Afg'onistonga qo'shimcha 2,000 harbiy jo'natishi mumkin. Ayni damda mamlakatda Britaniyaning 8,300 askari xizmat qiladi.

Prezident Obama tomonidan Afg'oniston elchisi eitb tayinlangan general-leytenant Karl Aykenberrining aytishicha, Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishish, uni qayta qurish uchun qo'shimcha resurslar kerak.

"Mamlakatdagi vaziyat tobora og'irlashmoqda. Vaqtni boy bermay zarur resurslarni ishga solish kerak," deydi Aykenberri.

Unga ko'ra, resurslar asosan tiklanish, armiya va politsiyani kuchaytirish, mahalliy va markaziy boshqaruv tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va qoradori savdosiga qarshi kurashish uchun kerak.

Afg'oniston muammosini Pokistonsiz hal qilib bo'lmaydi, chunki jangarilar bu mamlakatdan turib xurujlar rejalamoqda, deydi Aykenberri. "Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Pokiston harbiy razvedkasi Tolibonni pul, anjomlar va ko'rsatmalar bilan ta'minlamoqda.

Aykenberri gazeta ma'lumotiga to'xtalmagan, ammo, deydi u, Pokistonning Tolibon bilan aloqasi o'ta mavhum.

May oyida AQSh, Afg'oniston va Pokiston rasmiylari uchrashib, hamkorlikni kuchaytirish va razvedka ma'lumotlarini almashish yo'llarini muhokama qiladi.

Senat Tashqi aloqalari qo'mitasi raisi Jon Kerri o'tmishda AQShning Afg'onistondagi kuchlariga qo'mondonlik qilgan Karl Aykenberrini elchilik lavozimiga eng munosib mutaxassis deb atagan.

Senat uning nomzodini kelasi hafta tasdiqlashi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG