Hukumatlar ochiq aytmasada, Markaziy Osiyo krizisda


Markaziy Osiyo, dunyoning boshqa mintaqalari qatorida iqtisodiy krizisda.

Rossiya va Qozog’istonda neft daromadi kamaygan. Shuningdek bugun kredit olish, chetdan kapital jalb qilish oson emas.

Oqibatda Qirg’iziston, Tojikiston va o’zbekistonlik millionlab ishchi migrantlar ishidan ayrilib, vatanga qaytmoqda. Qozog’iston iqtisodi bu yil nari borsa 1 foizga o’sadi. O’zbekistondachi?

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar tahlilicha, global iqtisodiy krizis mintaqaga eksport hajmi va daromadining pasayishi hamda chetdan kelayotgan pul miqdorining qisqarishi orqali ta’sir etmoqda. Markaziy Osiyoda o’sish sur’ati bu yili 2 foizga ham yetmasligi mumkin. Ayniqsa mehnat o’rinlari va savdo uchun Rossiyaga tayanuvchi davlatlarga qiyin bo’ladi.

Ishchi migrantlar Qirg’iziston, Tojikiston va muayyan darajada O’zbekiston iqtisodiyotini tebratuvchi katta kuch.

Qirg’iziston yalpi milliy mahsulotining 30 foizini va Tojikiston iqtisodiyotining 50 foizini fuqarolarning vatandan tashqarida, asosan Rossiya va Qozog’istonda ishlab topgan puli tashkil etadi. Jahon moliya bozorlari bilan to’liq integratsiyalashgan bu ikki mamlakat kredit va kapital oqimining keskin kamayishi hisobidan zarar ko’rmoqda.

“Gap shundaki, Qozog’iston neftdan tushadigan daromadini garovga qo’yib, xalqaro bank tuzilmalaridan haddan ziyod qarz-kredit olgan, - deydi Sergey Gretskiy, bu jarayonlarni o’rganayotgan olimlardan biri.

“Inqiroz xorijiy kredit liniyalarining yopilishiga olib keldi. Qozog’iston banklari, o’z navbatida, o’rta va kichik bizneslarga qarz bermay qo’ydi”.

Biroq Qozog’iston qariyb 50 milliard dollar zaxiraga ega ekan, Islandiya yoki Ukraina kabi bankrotlikka yuz tutishi ehtimoldan yiroq. Amerika-Qozog’iston biznes uyushmasi rahbari Villiam Vil so’zlariga ko’ra mamlakat rahbariyati inqiroz alomatlarini erta aniqlab, choralar ko’rmoqda.

“Rasmiy Ostona iqtisodiyotni, jumladan o’rta va kichik bizneslar faoliyatini jonlantirish maqsadida zaxiradan 10 milliard dollar ajratgan. Shuning 4 milliardi bank-moliya sektoriga”, - deydi Villiam Vil.

Professor Sergey Gretskiy fikricha “O’zbekiston global moliyaviy-iqtisodiy jarayonlarga to’liq qo’shilmayotgan davlat sifatida tanazzuldan uncha zarar ko’rmasligi mumkin”. Xalqaro Valyuta Jamg’armasi vakillari ham 3 oy ilgari mamlakatda bo’lib, shu xulosaga kelgan.

Jahon Banki hisob-kitobiga qaraganda O’zbekiston iqtisodiyoti joriy yilda 8 foizga o’sadi. Asosan jahon bozorida oltin narxi oshib borishi hisobiga. Biroq shu bilan birga paxtaga talab pasayar ekan, mamlakat o’tgan yilga qaraganga 40 foiz kamroq mahsulot sotishi kutilyapti.

Lekin tahlilchilar iqtisodiy krizisning eng muhim asorati – ya’ni O’zbekiston iqtisodiyotiga tayanch bo’lgan valyuta oqimi kamayayotganini eslatmoqda. Chetda pul topayotgan har bir o’zbekistonlik vatanda 5-7 kishini boqadi. Ular O’zbekistonga o’tgan yili 2 milliard dollar yo’llagan. Uyga qaytayotganlarni qanday qilib ish bilan ta’minlash haqida bugunoq o’ylay boshlash kerak.

Robert Peys yaqingacha AQSh-O’zbekiston Tijorat Palatasiga rahbarlik qilgan.

“Iqtisodiy krizisdan dastlabki xulosa shuki”, deydi u, “demokratik va mas’uliyatli hukumatlar uning oqibatlari haqida o’z xalqlariga to’liq ma’lumot bermoqda. Shu bois AQSh va Yevropadagi ahvol haqida ko’proq bilamiz. Aniq raqamlarsiz”, deydi mutaxassis, “inqirozning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida gapirish quruq muhokama, xolos”.

Ikkinchidan, afsuski dunyoning ko’plab mintaqalarida rahbarlar “ochiq jamiyat va bozor iqtisodiyoti shu bo’lsa, bizga keragi yo’q, biz o’z yo’limidan boraveramiz” deya xulosa qilib, islohotlarni orqaga surishga urinmoqda”, - deydi Robert Peys.

XS
SM
MD
LG