Yangi xalqaro valyuta joriy etish vaqti yetdimi?


Qo’shma Shtatlar iqtisodiyotni tiklash uchun ikki trillion dollarga yaqin mablag’ ajrayotganini kuzatib turgan mamlakatlar dollar qadrsizlanishidan xavotirda.

AQSh dollari yarim asrdan buyon xalqaro to’lov va zaxira valyutasi sifatida qo’llanib kelinadi, biroq uning qiymati so’nggi 5-6 yil ichida 20 foizga tushib ketgan. Ya’ni avvalgidek qudratga ega emas.

Bu Xitoy va Yaponiya kabi AQShga katta sarmoya kiritgan davlatlarni chuqur xavotirga solmoqda. Xitoyning valyuta zaxiralari bugun qariyb 2 trillion dollarni tashkil etadi. Shuning yarmi AQSh qimmatli qog’ozlar bozoriga yo’naltirilgan.

Kelasi hafta Londonda, jahon yalpi mahsulotining 85 foizini ishlab chiqaruvchi 20 davlat sammiti bo’lib o’tadi. Yig’ilish oldidan Xitoy markaziy banki rahbari Jou Siaochuan yangi, hech bir mamlakat iqtisodiyotiga qaram bo’lmagan global valyuta joriy etish taklifini olg’a surmoqda. Rossiya kabi o’zini AQShga raqobatchi deb ko’radigan davlatlar bu harakatni olqishlamoqda.

Amerika hukumatining bunga javobi quyidagicha - dollar hali uzoq vaqt xalqaro valyuta sifatida xizmat qiladi.

“Qo’shma Shtatlar inqiroz oqibatlarini bartaraf etish, moliya tizimini mustahkamlash, ishlab chiqarish salohiyatiga ishonchni oshirish yo’lida qo’ldan kelgan barcha chorani ko’radi”, - deydi Tijorat vaziri Tim Gaytner.

Prezident Barak Obama ham shu fikrda. “AQSh dollari baquvvat, chunki sarmoyachilar Amerika iqtisodiy jihatdan hamon kuchli, siyosiy tizimi barqaror mamlakat ekanini biladi”, - deydi Obama.

Lekin sarf-xarajatlar ko’payib, Amerikaning tashqi qarzi soat sayin oshib borayotgan bir paytda Xitoyni bunga ishontirish qiyin. Inflyatsiya xavfi dollar qiymatini pasaytirishi mumkin. Kreditor davlatlar, tabiiyki, AQShga kiritgan sarmoyasini foizi bilan va kuchini yo’qotmagan valyutada qaytarib olishi kerak.

Iqtisodchilarning aytishicha, dollarning zaxira valyuta maqomiga ega ekani Qo’shma Shtatlarga ortiqcha pul bosib chiqarmasdan va foiz stavkalarni ko’tarmasdan turib, qarzini moliyalash imkonini beradi.

Amerika qarz obligatsiyalarini ushlab turgan Xitoy dollardan voz kechib, yangi xalqaro valyuta joriy etish tashabbuslarini quvvatlasa o’ziga qimmatga tushadi, deydi iqtisodchi olim Desmond Laxman.

“Katta miqdorda dollar aktivlariga ega mamlakatlar uning qiymatini saqlab qolishdan manfaatdor. Bu ayniqsa o’z iqtisodiy ravnaqini dollarga tikkan Xitoyga tegishli. Alternativ valyutaga o’tish haqidagi g’oya-takliflar uning sarmoyasi qadrsizlanishiga olib keladi”.

O’tgan bir necha oy mobaynida dollarning qiymati biroz ko’tarilgan. Ayni damda 1 AQSh dollari 75 yevrosentga teng. Bir yil oldin 1 dollar 67 yevrosentga baholanayotgan edi.

Qo’shma Shtatlar, krizisga uchrab operatsiyalari deyarli to’xtab qolgan banklarni jonlantirishga harakat qilmoqda. Hukumat banklardan, to’lanmagan qarzlarni sotib olish uchun qariyb 1 trillion dollar ajratmoqda.

Maqsad, deydi Moliya vaziri Tim Gaytner, banklarni zaharli kreditlardan tozalash va moliya tizimi ustidan nazoratni oshirish. Ammo davlat o’z bo’yniga olayotgan bu qarzlar tufayli yaqin kelajakda dollarning qadri pasayishi mumkin.

XS
SM
MD
LG