Amerikadagi vatandoshlar bir-biriga tayanch


Navro'z Amerikada yashayotgan markaziy osiyoliklar uchun nafaqat bahor bayrami, balki turli avlod vakillarining yuzma-yuz ko'rishishi uchun bir imkoniyat.

Chikagodagi o'zbeklar jamoasi, Nyu-Jersi shtatida Turkiston-Amerika Uyushmasi a'zolari va Nyu-York shahridagi yosh o'zbekistonlikar bir davraga to'planib, ona vatandagi, qolaversa Qo'shma Shtatlardagi hayoti haqida fikr almashadi, bir dasturxondan taom yeydi.

Yaqinda Illinois shtatining Chikago shahrida O'zbek-Amerika Uyushmasiga asos solindi.

Maqsad madaniy birlikni yo'qotmaslik, bu diyorga kelayotgan vatandoshlarga yordam berish, deydi tashkilot rahbari Sirojiddin Nasafiy.

"Yangi kelganlarga ish, uy-joy topishga ko'maklashish. Madaniyat, tilimizni va urf-odatlarimiz, dinimizni saqlab qolish. Muhojirotda oqibat tushunchasi sust, shu sabab bir-birimizdan aka-ukadek, bir oiladek xabar olib turishni yo'lga qo'ymoqchimiz", - deydi u.

Sirojiddin Nasafiy mana 40 yildirki Amerikada istiqomat qiladi. Nafaqadagi muhandis. "Ota-bobolarim Qarshidan, o'zim esa Afg'onistondan tug'ulib-o'sganman", - deydi u.

Nyu Jersi shtatining Dover shahrida joylashgan Turkiston-Amerika uyushmasi raisi Abdulla Xo'ja fikricha bir paytlar vatan mustaqilligini orzu qilib yashagan insonlar bugun bu mamlakatning yosh vakillarini yaqindan tanimoqda.

Hozirgi muhojirlar yangi zamon odamlari, deydi u. Jamoa bugun katta va turli avlod vakillaridan iborat.

"Tashkilot tuzilganida ko'pchilik 1920-yillarda O'zbekistondan chiqib ketgan hamshaharlar edi. Vatanning mustaqilligini talab qilib, bu yerda ko'chalarda namoyishlar ham qilib turardik",- deydi Abdulla Xo'ja.

"Hozir esa mustaqilmiz. Safimiz kengaymoqda. Yana bir narsa shundaki, yoshlar zamonaviy texnologiya bilan yaxshi tanish. Ular internet orqali muloqot qiladi. Eski avlod esa bunday texnologiyadan xabardor emas. Yoshlar bizning tajribamizga tayansa, biz esa ularga yetib olishga harakat qilamiz", - deydi otaxon.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti talabasi Sardor Zokirov deydiki, iqtisodiy inqiroz kuzatilayotgan bu murakkab davrda o'zaro aloqani uzmaslik kerak.

Turmush oson emas, hamma hayot tashvishlari bilan band, lekin ahillik odamga kuch va umid beradi, deydi u.

"Bu vaziyatga qarab hamma o'ziga yarasha xulosa chiqaradi. Ijobiy tomoni xatolarni sarhisob qilishga imkon yaratilmoqda. Salbiy tomoni shundaki, bugun ish topish qiyinlashgan. Yoshlar o'qishni bitirgach aynan shu masalaga to'qnash kelmoqda. Biroq biz yoshlarni faol bo'lishga, nafaqat o'z jamoamiz, balki boshqa jamoalar bilan ham aloqa o'rnatishga da'vat qilyapmiz", - deydi Zokirov.

"Yoshlarimiz har ishga qodir, birga yig'ilib, jamoani quvvatlash uchun kim nimaga qodir bo'lsa, shu bilan yordam beryapti", - deydi Sirojiddin Nasafiy.

O'zbeklar to'plansa, tabiiyki, osh damlanadi. Biroq, deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan faollar, asosiy diqqat imkoniyatlar maydonini kengaytirishda, vatandoshlarga yordam berib, jamoa birligini mustahkamlashda.

Amerikada bugun qancha o'zbek yoki o'zbekistonlik yashashi haqida rasmiy ma'lumotlar mavjud emas, ammo keksa muhojirlar hisobicha ularning soni qariyb 10 ming.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG